«O‘zbektelekom» aloqa tarmoqlarini modernizatsiya qilmoqda

"O‘zbektelekom" aksiyadorlik jamiyati Samarqand filiali tomonidan jurnalist va blogerlar uchun axborot-kommunikatsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, fuqarolar murojaatlari va ularga xizmat ko‘rsatish bilan tanishish maqsadida press-tur tashkil etildi.

Bugungi kunda “O‘zbektelekom” AK viloyat filialining barcha shahar va tumanlardagi 14 ATS va 16 ta telekommunikatsiya bog‘lamasi 131 mingga yaqin mijozlarga xizmat qiladi. Joriy yilda viloyat bo‘yicha 6440 kilometr optik tolali aloqa tarmog‘i tortish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgacha 1254 kilometri qurildi. Aloqa qurilmalarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida uzilish ko‘p kuzatiladigan hududlarda  155 kVt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatilib, mavjud akkumulyator batareyalari yangilariga almashtirildi. 

- Viloyatda zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yaratish, davlat organlarining aholi bilan muloqot qilishining yangi mexanizmlarini joriy etilmoqda, - deydi "O‘zbektelekom" AJ Samarqand filiali Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash guruxi boshlig‘i Otajon Urchinov. - Shuningdek, barcha uchun xizmat narxini arzonlashtirish, har toifadagi abonentlar uchun xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yaratish bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, tezlik darajasi yuqori bo‘lgan tarif rejalarda abonent to‘lovi yanada arzonlashtirilgan. Aholiga simli keng polosali ulanish xizmatlarini taqdim etishni rivojlantirish, yuqori tezlikdagi Internet xizmatlaridan foydalanish uchun yanada keng imkoniyatlarni yaratilmoqda.

Biroq, optik-tolali liniyalar orqali telekommunikatsiya xizmatlarini ulash bo‘yicha so‘rovlarning ko‘pligi sabab, ayrim tumanlarda xizmatlarga ulanish muddatlari cho‘zilayotganligi kuzatilmoqda. O‘z navbatida aholi ehtiyojlarini qondirish uchun kompaniya filiallari tomonidan barcha imkoniyatlar safarbar qilinib, mavjud resurslar ishga solinmoqda. Jumladan, telekommunikatsiya xizmatlarida nosozliklar yuzaga kelgan hollarda 1084, shahar xalqaro telefon tarmog‘idagi nosozliklar yuzasidan 1086 qisqa raqamlar orqali fuqarolar tomonidan 793 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning 90 foizi ijobiy hal etilgan.

Press-tur qatnashchilari filialning Samarqand shahar telekommunikatsiya bog‘lanmasida ham bo‘lib, mijozlar bilan ishlash va ularga yaratilgan qulayliklar bilan ham tanishdilar. 

- Shaharda kompaniyaning 75 mingdan ziyod iste’molchilari bo‘lib, ularning 67,5 ming nafari xizmatlarimizdan faol foydalanib kelmoqda, -deydi Samarqand shahar telekommunikatsiya bog‘lanmasi boshlig‘i O‘ktam Qo‘shboqov. – Tezkor aloqa bilan ta’minlovchi kompaniyalar soni ko‘p. Shuning uchun ular bilan doimiy raqobatda ishlashimizga to‘g‘ri keladi. Hozirda 215 mahallaning barchasi to‘lib optik tolalik kommunikatsiya tarmoqlariga ulangan. Shuningdek 500dan ziyod ijtimoiy soha ob’yektlarini internet va telefon aloqalari bilan ta’minlab kelyapmiz. Shuningdek, “O‘zbektelekom” AK tomonidan tashkil etilgan aksiya yordamida kuniga 50 ga yaqin mijozlar tarmoqlarimizga ulanib, xizmatimizdan foydalanib kelishmoqda.

Shuningdek, Samarqand shahridagi Gagarin ko‘chasida joylashgan 234 ATS qarashli mini stansiyada 512 ta abonent ulangan bo‘lib, hozirda ularning 320 tasi faol bo‘lib turibdi.

-Ikkita mini stansiyaga ulangan 1000 ga yaqin mijozga xizmat ko‘rsataman,- deydi aloqani tiklash mutaxassisi Samariddin Murodov. – Kuniga 5-6 ta murojaat qilgan fuqarolarning uylariga borib, aloqani ta’minlab berishga harakat qilaman. Kimningdir interneti ishlamay qoladi, yana birovining aloqa tarmog‘ini ulab beraman. Tezkorlikni ta’minlash maqsadida korxona tomonidan elektroskuterlar olib berilgan. Bu bilan ham vaqtimizni tejaymiz, ham shikoyatlarni tezda o‘rganib qaytamiz.

Viloyatimizda telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish va ilg‘or jahon tajribasiga asoslangan eng zamonaviy aloqa xizmatlarini joriy etish eng qisqa vaqt ichida «Raqamli O‘zbekiston»ga o‘tish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

 Dilmurod TO‘XTAYeV.