"O‘zgidromet" aprel oyida qanday ob-havo kuzatilishi haqida ma’lumot berdi

Bahorning birinchi oyi ham yakunlandi.

Aprel oyining ilk kunlari ham o‘tmoqda. Ob-havo nobarqaror bo‘ladigan haqiqiy bahor kelganini his qilmoqdamiz.

Ushbu oydagi yomg‘irlar asosan lokal xarakterga ega bo‘ladi. 3 aprelda faqat respublikamizning shimoli — Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. 4 aprelda janubi-g‘arbiy hududlar — Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida, 5 va 6 aprelda esa shimoliy hududlar va Farg‘ona vodiysidan tashqari respublikamizning qolgan hududida ayrim joylarga yomg‘ir yog‘adi. Shu davrda harorat 17-22 daraja iliq atrofida, ayrim kunlarda 23-25 darajagacha iliq bo‘ladi.

Keyinchalik, qisqa tanaffusdan keyin O‘zbekistonda yana yomg‘irli davr bo‘lishi kutilmoqda. Undan so‘ng aprelning oxirigacha quruq va iliq davrlar, ob-havo nobarqaror bo‘ladigan yomg‘irli kunlar bilan almashib turadi. Yomg‘irlar asosan qisqa muddatli bo‘lib, momaqaldiroq bo‘ladi va shiddatli shamol esadi.

Kunduzgi harorat 25 darajadan 30 darajagacha o‘zgarib turadi. Aprel oyining oxirgi o‘n kunligida 30-33 darajagacha ko‘tariladi. Ayrim kunlarda yomg‘ir yog‘ayotganda haroratning 13-18 darajagacha pasayish ehtimoli yo‘q emas.

Umuman, aprel harorat rejimi bo‘yicha o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin. Ayrim joylarda odatdagidan 1-2 daraja iliq va o‘rtacha nam bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda aprel oyi yilning eng yog‘inli oylaridan biri hisoblanadi. Odatda, aprelga qaraganda faqat mart oyi yog‘inlar bo‘yicha ustun turadi. O‘tgan 2019 yil aprel oyi esa eng yog‘inli, mamlakatimizning ayrim mintaqalarida esa O‘zbekistondagi butun meteorologik kuzatuvlar tarixi davomida eng yog‘inli deb qayd etilgan.