O‘zimizning fojia

Ijtimoiy tarmoqlardagi bugunning fojiasi shuki, butun xalq o‘qiyotgan va butun boshli o‘zbek jamiyatining umumiy qiyofasi va xarakterini, saviyasi va tabiatini, kayfiyatini ko‘rsatib berayotgan internetda (turli mavzulardagi bahslar va muhokamalarda) jamiyatning elitasi, ziyoli qatlami, chin ma’rifatparvarlari barmoq bilan sanarli yoki ularning aksariyati shunchaki kuzatuvchi.
Savol tug‘iladi – nima uchun? Qani ular? Nimaga biqinib, shunchaki kuzatib o‘tiribdi?
Chunki, bu tarmoqlar katta izdihomga, istagan odam istagancha betuturuq gaplarni ayta oladigan (va buning uchun javob bermaydigan) minbarga, olomonning so‘kinadigan, hushtakbozlik va baqir-chaqir qila oladigan maydoniga aylangan.
Bu kabi saviyasiz kimsalar har qanday odamning kuchli mantiqqa asoslangan va to‘g‘ri fikrlarini ham yo‘qqa chiqarib, har qanday insonni beobro‘ qilish imkoniga ega. Lekin shunday ekan, deb chekinish kerakmi?
Zamonaviy minbar, maydon shu yerda ekan, demak, jamiyatning elitasi ham, ziyoli ma’rifatparvarlari, eng kuchli adabiyotshunoslari, tanqidchilar, siyosatchilar, tahlilchilar ham shu yerda "jang" qilsin!
Birlashsin, jamiyatning fikrini o‘zgartira olsin! Shundagina millat, xalq, jamiyat o‘zgaradi, ongi, tafakkuri o‘sadi. Yo‘qsa, internetning bunday ulkan imkoniyatidan faqat g‘iybatxona sifatida foydalanganimiz qoladi, xolos...

Salohiddin Sanaqulov.