“O‘zing uchun o‘l yetim” yoki qonun faqat kadastr uchunmi?
Xabaringiz bor, 2024 yil 8 noyabrdan “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonun kuchga kirdi.
Unga qadar joylarda targ‘ibot, tushuntirish va tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. Qonunga ko‘ra, hokimlar taklifi bo‘yicha tasdiqlangan reja-jadval asosida davlat organlarining o‘zi joylarga chiqib, hujjatsiz yer uchastkalari va uy-joylarni o‘rganish ishlarini amalga oshiradi. Biz ham ushbu jarayonda bevosita ishtirok etish uchun Jomboy tumanida bo‘ldik.
Tumandagi 38 ta mahallada 190 ming aholi istiqomat qiladi. Tasdiqlangan reja-jadval asosida noyabr-dekabr oylarida tumanning Saroy va Polvonariq mahallalarida xatlov amalga oshirilishi belgilangan.
- Saroy mahallasida 837 turar, 42 ta noturar joy, 30 ta qurilishi tugallanmagan ob’yekt bor, - deydi Davlat kadastrlari palatasi tuman filiali bosh muhandisi Do‘stmurod O‘rozqulov. – Ob’yektlarni xatlovdan o‘tkazish uchun har biri 3 nafar mutaxassisdan iborat 6 ta guruh shakllantirganmiz. Guruh kuniga 6 ta ob’yektni xatlovdan o‘tkazadi. Bitta ob’yektni xatlovdan o‘tkazishga o‘rtacha 30 daqiqa vaqt sarflansa, uning chizmalarini tayyorlash uchun 3-4 soatdan ortiq vaqt talab etiladi.
Xatlov o‘tkazilishi belgilangan Saroy mahallasida 781 xonadon bor. Mahalla tarkibida 4 ta qishloq, 30 ta katta-kichik ko‘cha mavjud, 11 ta ko‘chaboshi tayinlangan. Biz borganimizda Saroy mahallasi Abdulla Qurbonov nomli 2-berk ko‘chasi 3-uy (Sherzod Shohimardonov xonadoni)da xatlov ishlari amalga oshrilmoqda ekan. 8 sotix maydonda joylashgan xonadon tabiiy gaz tarmog‘iga ulangan. Kadastr mutaxassislari “Kalida K7” JPS qurilmasi bilan xonadonning chegaralariga nuqtalar belgiladi, metrlab xonalar o‘lchamlari olindi, konstruksiyasi, umumiy kvadrat, balandlik kabi ma’lumotlar tizimga kiritildi. Olingan ma’lumotlar asosida ko‘chmas mulkni xatlov yo‘li bilan texnik inventarizatsiyadan o‘tkazish natijasida tuzilgan (ABRIS) hujjat asosida kadastr pasporti shakllantiriladi. Umumiy olganda, bitta ob’yektni xatlovdan o‘tkazish uchun 20-30 daqiqa vaqt sarflandi.
Mutaxassislar bilan jarayonni kuzatish uchun navbatdagi xonadonga yo‘l oldik. Ammo uy egasi boshqa joyga ishga ketgan, uy bekasi esa kadastr hujjatlari borligini aytmoqda. Mutaxassislar bu soliq to‘lovchi sifatida tayyorlangan inventar hujjat ekanligini, xatlov natijasida uyining kadastr pasporti shakllantirilishini tushuntirishga urinishi ham samara bermadi. Uy bekasi turmush o‘rtog‘i yo‘qligi va mahalladan ham vakil bo‘lmaganligi uchun uyga hech kimni kiritolmasligi tufayli bu xonadonda xatlov o‘tkazilmasdan qoldi. Shu ko‘chada yangi qurilgan xonadon kimga tegishli ekanligini aniqlab ham bo‘lmadi.
Mutaxassislar xatlov ishlari boshlangan kundan buyon shu kabi holatlar ko‘p uchrayotganini aytishmoqda. Qonun qabul qilinganiga uch oydan oshdi. Shu vaqt davomida targ‘ibot, tushuntirish tadbirlari olib borildi, nazorat qiluvchi organlardan mas’ullar biriktirish belgilandi, ammo hech bir mas’ulni jarayonda uchratmadik. Mahalladan ham biror kishini topmadik. Qo‘ng‘irog‘imizdan biroz o‘tib kelgan mahalla raisi Jamol Yo‘ldoshev “ko‘mir olib kelishga ketgani”ni bildirdi. Mahallada xatlov o‘tkazish rejasi tuman hokimligi tomonidan taklif etilgan va bu taklif tasdiqlangan. Lekin shu paytgacha xatlov jarayoniga mahalla faollari ham, ko‘chaboshilar ham, mas’ullar ham ko‘mak ko‘rsatmayapti.
Mana shunday holatlarning oldini olish uchun qonunda ish davomida yuzaga keladigan joriy masalalarni hal qilish maqsadida xalq deputatlari tuman Kengashi qarori bilan barcha vakolatli organlarining tuman bo‘linmalaridan iborat Ishchi guruhlar tuzish belgilangan.
Prokuratura, ichki ishlar, agroinspeksiya, ekologiya, kadastr organlari qonunni amalga oshirishda davlat nazoratini o‘rnatishi kerak.
Ma’lumot o‘rnida, yil yakunigacha tumanning Polvonariq mahallasida ham xatlov o‘tkazish belgilangan va ushbu mahalla tuman markazidan 30 kilometr olisda joylashgan...
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.