O‘zingizda kasallik sezsangiz, shifokorlar tavsiyasiga amal qiling
Ayni kunlarda dunyo mamlakatlari aholisi sinovli kunlarni boshdan o‘tkazmoqda. Koronavirus pandemiyasi global fojiaga aylanib ulgurdi.
Yurtimizda “COVID-19” koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish maqsadida barcha ta’lim muassasalarida karantin joriy qilinib, ta’lim jarayoni masofaviy onlayn tarzda davom ettirildi.
Olib borilgan keng qamrovli islohotlarga qaramasdan ushbu kasallik tizim xodimlarini ham chetlab o‘tmadi. Samarqand qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji direktori Soli Bazarov COVID-19’ni yuqtirib olgani va kasallikdan davolanib chiqqanini ma’lum qildi.
Suhbat jarayonida Soli Bazarov kasallikni boshidan qanday kechirgani haqida so‘zlab berib, o‘z tajribasidan kelib chiqqan holda ayrim maslahatlarni berib o‘tdi:
- Eng avvalo, har qanday kasallikni davolashdan ko‘ra, uning oldini olish ma’qul, degan gap bor xalqimizda. Xastalikning oldini olishda tozalik-ozodalik, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish asosiy talab hisoblanadi. Menda harorat ko‘tarilishi va holsizlik sezildi, badanimda og‘riqlar paydo bo‘ldi. Test topshirib ko‘rsam, menda koronavirus infeksiyasi borligi aniqlandi. Shundan so‘ng shifokorlarga murojaat qildim. Shifokorlar yengil shakldagi koronavirus kechayotganini aytishdi va men uyda, oila a’zolarimdan alohida bo‘lgan sharoitda, ulardan izolyasiyada bo‘lgan holda ushbu kasallikni boshimdan o‘tkazdim.
U shifokorlar tavsiyasiga asosan har ikki soatda haroratini o‘lchab turgani, kuniga 5-6 litrgacha suv ichgani, harorati 39 darajadan oshgandagina isitmani tushiruvchi dori ichgani, burun-tomog‘ini chayib turgani, uch kunda isitmasi o‘tib ketgach, qisqa yo‘tal boshlanib, shifokorlar unga antibiotik yozib bergani va 5 kun davomida antibiotik qabul qilgani, ma’lum vaqt hid bilish qobiliyati yo‘qolganini ta’kidladi.
- Ko‘pchilik shamolladim deb o‘ylab, koronavirusga chalinganini bilmay qolyapti. Men ana shunday hamyurtlarimizga, avvalo, vahimaga tushmaslikka va albatta shifokor ko‘rigidan o‘tishni tavsiya qilaman, – dedi u. - Shuning bilan birgalikda shifokor bilan maslahatlashmay turli dorilar qabul qilmaslik kerak. Hozirgi kunda o‘zimni yaxshi his qilayapman. Yo‘tal, burnim bitishi to‘xtadi. Kasallikni yengishimda shifokorlarimizning mehnati beqiyos bo‘ldi. Samarqand shahar 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh vrach o‘rinbosari Hasan Iskandarovichga hamda katta hamshira Dodaroy Djumayevaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Ulug‘bek Eshbutayev.