TIRILGAN MURDA: O‘tmish sog‘inchi

* Siyosiy sharh
Kishi bolaligini sog‘inadi, yana bola bo‘lgisi keladi. Vaqt mashinasiga o‘tirib, o‘sha beg‘ubor kunlariga sayohat qilgisi, bolaligiga qaytgisi bor. Umuman, o‘tmishni sog‘inish, uni ideallashtirib tasavvur qilish barcha odamlarga xos xususiyat. Buning uchun birovni ayblash yoki mazax qilish mutlaqo o‘rinsiz. Ammo qo‘lida dahshatli quroli, qudratli armiyasi bo‘lgan kimsalar o‘tmishni sog‘inib, qaytarishga intilsa, oqibati ayanchli bo‘lar ekan. Buni bugungi Ukrainadagi qonli voqealar misolida ko‘rib turibmiz. Sobiq ittifoqdosh respublikani mustaqilligidan mahrum qilib, yana markaz tasarrufiga kiritish, ko‘nmagan taqdirda jazolash maqsadida ketayotgan jangu jadallar mana, to‘rtinchi yildirki kuchaygandan kuchayib bormoqda. Davom etayotgan muhoraba, albatta bir kunmas bir kun to‘xtaydi, bunga shak-shubha yo‘q. Biroq kishi dilini xira qiladigan boshqa bir yangi gap-so‘zlar chiqib qolmoqdaki, bu haqda batafsil to‘xtalib o‘tmasak bo‘lmaydi.
Yaqinda Rossiya federatsiyasi prezidentining maslahatchisi Anton Kobyakov yuridik jihatdan SSSR hali ham mavjud ekanligi haqida safsata tarqatdi. Bir paytlar yana bir imperialist siyosiy arbob 1991 yil 17 mart kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumi natijalari asosida sobiq ittifoqdosh respublikalarning tarqalib ketishi yuridik kuchga ega emasligi to‘g‘risida iddao qilgandi. O‘shanda biz matbuotda chiqishlar qilib, totalitar tuzumlarda odamlarning o‘z fikrini erkin izhor etish imkoniyati bo‘lmaganligi va aynan shu bois ham sobiq ittifoqda o‘tkazilgan saylov va referendumlarning birortasini ham haqiqiy deb bo‘lmasligi haqida yozgan edik. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: O‘zbekiston SSR davrida xalqimizning 90 foizdan ortig‘i ittifoqni saqlab qolish uchun ovoz bergan ekan. Mustaqillik e’lon qilinib, jumhuriyatimiz ozodlikka erishgach, o‘sha yil dekabrda o‘tkazilgan referendumda endi O‘zbekiston xalqining 90 foizdan oshig‘i mustaqillikni yoqlab chiqdi. Endi sog‘lom fikr bilan o‘ylab ko‘rilsa, kishi o‘z xohishini tutqunlikda erkin bildiradimi yoki ozodlikdami?! Ana shu mantiqdan kelib chiqadigan bo‘lsak, 17 martda o‘tkazilgan referendum natijalarining asosi mutlaqo zaif ekanligi ochiq ayon bo‘ladi.
Endi masalaga boshqa tomondan yondashsak. Aytaylik, Rossiyada 1917 yil oktyabrida sodir etilgan davlat to‘ntarishining yuridik asosi bormi? Bir guruh qurollangan bolsheviklar endigina shakllanayotgan demokratik muvaqqat hukumat qo‘lidan hokimiyatni qaysi yuridik asos bilan tortib olgandi? Ammo tarix sahifalarini varaqlasak, SSSR ning tarqalib ketishi mutlaqo qonuniy bo‘lganiga guvoh bo‘lamiz. Masalan, sobiq "SSSR Konstitutsiyasi"da har bir respublika istagan paytida ittifoqni tark etish huquqi qayd etib qo‘yilgandi. Qolaversa, 1991 yil dekabrida Rossiya, Ukraina va Belorussiya rahbarlari Belovejskaya Pushchada to‘planib, SSSRni tarqatib yuborish va o‘rnida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) ta’sis etilganini e’lon qilishdi. Nega desangiz, 1922 yilda aynan ana shu respublikalar tashabbuskor bo‘lib, sobiq SSSR poydevoriga tamal toshini qo‘ygan edi. Shundan so‘ng yangi ittifoq ko‘p kunlarni boshidan kechirdi. O‘tgan asrning 20-yillarida G‘arbning ko‘magi bilan ocharchilik balosidan qutulib qoldi. 30-yillarda yana AQSh, Germaniya kabi davlatlar yordamida sanoatni oyoqqa qo‘ydi. 40-yillarda AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada singari mamlakatlarning harbiy-iqtisodiy ko‘magi bilan Ikkinchi jahon urushida g‘alaba qozondi. 50-yillarda yana iqtisodiy-ijtimoiy muammolar iskanjasida qoldi. Hatto, 60-yillarga kelib, xalqni shunchaki, non bilan ta’minlashda ham katta muammolar paydo bo‘ldi. Yaxshiyamki, 70-yillarga kelib, Volgabo‘yi va Sibirda yirik neft-gaz konlari topildi. Xazinada pul ko‘payib, nisbatan farovon, xalq orasida "Brejnevning kommunizm davri" deya nomlangan yillar boshlandi. "Puli ko‘paysa, o‘zbek xotinni ikkita qiladi, o‘ris urush boshlaydi", degan hazilomuz naqlni dastlab kim aytganini bilmadimu, afsuski, ushbu gap haqiqatan to‘g‘ri ekan.
Xudoyberdi KOMILOV,
siyosiy sharhlovchi.
(Davomi bor)