Viloyat rahbari turkiyalik investorni qabul qildi

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev va turkiyalik investor Ali Baklan o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda investor viloyatda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari haqida ma’lumot berdi. Jumladan, Ali Baklan Bulung‘ur tumanidagi G‘ubdin massivida “ketchup” va “sous” ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishmoqda. Ayni paytda Turkiya Respublikasidan uskunalar olib kelish va o‘rnatish ishlari yakuniga yetkazilgan. Korxona joriy yilning iyul oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Loyiha natijasida yiliga 1000 tonnagacha sabzavot mahsulotlari qayta ishlanib eksport qilinadi va 30 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Uchrashuvda Ali Baklan viloyat rahbaridan gaz tarmog‘iga ulanishda yordam so‘radi. Adiz Boboyev ushbu masalani hal etish uchun zarur choralarni ko‘rish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.