O‘zlarini AOKA xodimi sifatida tanishtirib, bog‘cha mudiralaridan pul talab qilgan shaxslar qo‘lga olindi
Andijon shahridagi maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli 6-, 33-, 47-, va 61-maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zlarini “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xodimlari” deb tanishtirgan fuqarolar — A.A. va M.A. muayyan muammolarni aniqlab, muassasalar rahbarlaridan pul talab qilgan.
Xususan, ular Andijon shahridagi 3 ta maktabgacha ta’lim tashkilotini “tekshirib”, ularning faoliyatida turli kamchiliklar aniqlab, muassasa rahbarlaridan jami 1 000 000 (bir million) so‘m miqdorida pul mablag‘ini noqonuniy tarzda talab qilib olgan. Ularning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lgan Andijon shahridagi maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli 61-MTT rahbari mazkur ta’magirlik holati yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qilgan.
Olib borilgan tezkor harakatlar natijasida 2021 yilning 19 yanvar kuni A.A. va M.A. Andijon viloyatining Marhamat tumanida joylashgan 28- MTT faoliyati bo‘yicha material tayyorlash maqsadida muassasa rahbaridan 200 000 (ikki yuz ming) so‘m miqdorida pul mablag‘i olayotgan vaqtida tuman ichki ishlar bo‘limi mas’ul xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Ularga tegishli qalbaki guvohnomalar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Tekshirish davomida ushbu shaxslar “Xalq irodasi” jurnali tahririyati tomonidan berilgan guvohnomalarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi nomi yozilgan hamda davlat ramzi (gerbi) qo‘yilgan guvohnomalardan foydalanib, bog‘chalar faoliyatini tekshirib yurganligi ma’lum bo‘ldi. Ular “Xalq irodasi” jurnali tahririyatida jamoatchilik shartnomasi asosida ishlab kelgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati Marhamat tumani IIB tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlar olib borilmoqda.
Agentlik bu kabi holatlar takror sodir etilgani bois barcha yurtdoshlarimizni hushyor va ogoh bo‘lishga chorlaydi. Barcha tahririyatlarga esa bu kabi holatlar yuz berishining oldini olish choralarini ko‘rishni so‘raydi. Shunga o‘xshash holatlar yuz berganda Agentlikning ishonch telefoni - 71-244-23-34 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling. Zero, hujjatlarni qalbakilashtirish — og‘ir jinoyat. Jinoyatga esa jazo muqarrar.