Pandemiya

Bu so‘zning lug‘aviy ma’nosi, albatta, boshqacha. Lekin shu kunlarda men unda “pand” o‘zagini ajratib, o‘zimcha turli xayollarga boryapman-da. O‘z tilimizda bu so‘z ma’nosini ko‘radigan bo‘lsak, pand yemoq – aldanmoq, aldab ziyon yetkazmoq yoki pand bermoq – pand nasixat qilmoq, o‘git bermoq ma’nolari anglanadi. Bu ma’nolar bugungi kunimizga mos keladigandek. Shunday emasmi?

Ikki oydirki karantindamiz. Xayrli bo‘lsin! Har bir ishning bir xayrli tomoni bo‘ladi, deyishadi. Bizning xalqimiz nihoyatda qalbi toza, bag‘rikeng. Mehnat qilib peshona teri bilan kun ko‘radi. Nazarimda, karantin paytida ham hech kim yotib olgan emas. Belgilangan tibbiy-sanitariya qoidalariga amal qilgan holda dehqon dehqonchiligi, tadbirkor ishbilarmonligi, o‘qituvchi ta’lim-tarbiya berish ishi bilan shug‘ullanayapti. Bazan uyda ijod qilib o‘tirar ekanman, o‘ylayman – xayrli tomoni shu bo‘lsa kerak-da bir necha yildan buyon topshirolmayotgan “Kechinmalar poetikasi uslubiy mahorat qirralari” nomli ilmiy-ommabop risolalar to‘plamimni taxlab topshirdim. Shu ikki oy davomida yozgan ikki dostonim va bir necha she’riy asarlarimni yig‘ib, “Tavajjuh” nomi bilan noshirlarga taqdim etdim. Hozir she’rlar to‘plamim ustida ishlayapman.Uch yildan buyon o‘tirib ishlashga vaqt topolmay birorta ham kitob chop ettirolmagandim. Endi shularni hissasini chiqarishim kerak. Lekin baribir ichimda bir savol aylanaveradi – “Nima qilyapsan?”.

 Kitob o‘qishga vaqt topolmasdik. Yonimga qarasam, stol ustida o‘qilgan kitoblar taxlanibdi. Gabriel Garsia Markesning”Buzrukning ko‘zi” romani, Jaloliddin Rumiyning “Ichindagi ichindadir” nomli falsafiy-ma’rifiy risolasi, Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” nomli hikoyalar va hidoyatlar to‘plami. Yana bir qator sevimli shoiru shoiralarimning kitoblari. Qaniydi shu kitoblarni hamma o‘qisa, degan fikr o‘tadi ko‘nglimdan.      

“Nasoyim ul-muhabbatni”ni qo‘limga olaman. Bu kitobdagi hikoyat va hidoyatlarni Olimjon Davlatov nasriy bayon etgan. Mana ulardan biri – nafs istagi haqida:

“Ato Binni Sulaymon bemor edi. Quyosh tig‘ida yotgandi.

Dedilar: - Nega soyaga borib yotmaysan?

Dedi: - Soyaga borardim, ammo qo‘rqamanki, degaylar, nafs istagida qadam qo‘yding!”

Qarang, bugun biz nafsimizning xo‘jasi bo‘la olamizmi? Bo‘lolmasak buning sababi nimada? Bizga nima yetishmayapti?

Ertalab, ishga borish uchun yo‘lga chiqaman. Avtobus, taksi yo‘q. Xususiy mashina kelib to‘xtaydi. Boradigan manzilimni aytib, yo‘lkirani so‘rayman. Avvalgidan ikki barobar qimmat narxni aytadi. “Tavba, hozir odamlar ko‘chaga zarurat uchun, majburlikdan chiqadi. Ro‘zachilik, savob degan narsalar qayerda qoldi?” deb o‘ylayman. Va beixtiyor Ato Binni Sulaymonning nafsi yodimga tushib, unga ta’zim qilgim keladi.

Yana bir hikoyatda nafs va ma’rifat haqida shunday deyiladi:

“Husayn Mansur Hallojning o‘g‘li Ahmad dediki, otamning so‘nggi kechasida undan vasiyat talab qildim.

Dedi: - Nafsing seni bir shug‘ulga solishidan oldin nafsingni bir nima bilan mashg‘ul qil!

Dedim: - Vasiyatga bir nima qo‘shing.

Dedi: - Barcha xizmatga kirishgan paytda sen bir nimani o‘zlashtirmoqqa harakat qilkim, uning bir zarrasi ikki olam ilmidan ulug‘roq va yaxshiroq bo‘lgay.

So‘radim: - Ul nedur?

Dedikim: - Ma’rifat”.

Ma’rifat so‘zining lug‘aviy ma’nosi “kishilarning ong-bilimini, madaniyatini oshirishga qaratilgan ta’lim-tarbiya”dir. Ana shu so‘zning antonimi esa johillik. Endi o‘zingiz o‘ylang – nima uchun yurtimizda jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurishish mohiyatini.

Yana kitobni varaqlayman:

“Xo‘ja Abdulloh Ansoriy debdurkim, Ismoil Dabbos dedikim, haj niyatida safarga chiqib, Sherozga yetishdim. Bir masjidga kirib, Shayx Mo‘min Sheroziyni ko‘rdimki, o‘tirib, xirqasiga yamoq solardi. Salomlashdim va o‘tirdim.

Mendan so‘radi: - Ne niyating bor?

Dedim: - Haj niyatim bor.

Dedi: - Onang bormi?

Dedim: -Bor!

Dedi: -Qaytib onang xizmatiga bor!

Bu so‘z menga xush kelmas edi.

Dedi: - Nega to‘lg‘onasan? Men bosh yalang, oyoq yalang, yolg‘iz va ozuqasiz ellik marta haj qilganman. Barchasini (savobini) senga berdim. Sen onang ko‘ngli shodligini menga ber!”

Olloh har birimizni ma’rifatga oshno qilsin! Qo‘limdagi kitobni qo‘yib yana she’r yozishga tushaman...

Erta-indin uylarimiz nurga to‘lar,

Qalbimizga quyosh kirar bir charog‘on.

Yurtimizning boshidagi dardi arib,

Ko‘chalarda bayram bo‘lar shod-u xandon.

Erta-indin to‘rtta taraf xavotirsiz,

Bir-birovga quchoq ochib boqamiz biz.

O‘pkamizni havolardan to‘sib turgan,

Niqoblarni o‘tga tashlab, yoqamiz biz!

Erta-indin guzarlarda to‘ylar bo‘lar,

Guldek yashnab, iforlarga tutinamiz.

Yer-u osmon xavfsiz bo‘lar, shu lanati,

Tojdor virus balosidan qutilamiz.

Bugun esa, uyda qolib, sabr bilan,

O‘zimizni bir oz cheklab, kutayapmiz.

Karantinning tartiblarin ko‘zda tutib,

Ham o‘qib, ham sizga dilxat bitayapmiz.

Har ne qora niyatlarni yo‘lin to‘sib,

Birikamiz, bu kurashda haq bo‘lamiz.

Ezguliklar tomon shaxdam odimlagan,

G‘alabasi buyuk, bitta xalq bo‘lamiz.

Erta-indin ko‘chalarda shodon chopib,

Bizni qarshi olar, qa-a-y-noq, hayotimiz.

Bugun esa bir oz maxzun, bir oz o‘ktam,

Dunyolarga bo‘ylab turar, bayotimiz...

 Jumagul SUVONOVA,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.