Pandemiya sharoitida ovoz berish qanday tashkil etiladi?
7-Samarqand okrug saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Okrug saylov komissiyasi raisi F.Toshev boshqargan yig‘ilishida dastlab Markaziy saylov komissiyasi tomonidan joriy yil 25 avgust kuni tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishining oldini olish bo‘yicha Yo‘riqnoma”da belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Komissiya raisi o‘rinbosari O.Toshniyozov Yo‘riqnomada saylov okruglari va uchastkalarida, ovoz berish xonalarida saylov komissiyasi a’zolari, saylovchilar, kuzatuvchilar va OAV vakillari uchun karantin qoidalariga rioya qilish talablari aks ettirilganini ta’kidladi.
– Okrug va uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarning kirish qismida va ovoz berish xonasida ijtimoiy masofani saqlash uchun 1,5–2 metr oraliq masofani belgilovchi hamda harakatlanish yo‘nalishini ko‘rsatuvchi chiziqlar bo‘lishi lozim, – dedi O.Toshniyozov. – Okrug va uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarga kamida bir nafar tibbiyot xodimi biriktiriladi. Saylov okrugi hududida epidemiologik vaziyatning kunlik tahlili Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hududiy boshqarmalari tomonidan olib boriladi.
Majlisda xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari tomonidan tavsiya etiladigan ro‘yxat asosida uchastka saylov komissiyalarining tarkibini shakllantirishda komissiya a’zolarining mas’uliyati haqidagi masala ham ko‘rib chiqildi.
Muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Okrug hududiy matbuot markazi.