“Paqildoq” ermak emas
Yangi yil bayrami arafasida shaharu qishloqlar, ko‘cha-yu xiyobonlar yanada ajoyib qiyofa kasb etadi. Maydonlarda bezatilgan archa atrofida bolajonlarning shodon kulgisi tutadi. Quvonchli kunlardan mamnunlik tuyib, Yangi yil ayyomini shodon kutib olishga nima yetsin?!
Shunday deymizu, lekin ayrimlar salomatligimiz uchun xavfli bo‘lgan “paqildoq”, ya’ni pirotexnika vositalarini xushnudlikning bir qismi, ermak deb biladi.
Mamlakatimizda pirotexnika buyumlaridan foydalanish taqiqlangan. Shunga qaramasdan, Yangi yil bayrami arafasida pirotexnika buyumlari masalasida noqonuniy holatlar uchrab turibdi. Bu ayrim kimsalarning faqat o‘z nafsini o‘ylashi oqibatidir.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish guruhi xodimlari tomonidan olingan tezkor ma’lumot asosida Urgut tumani Ipakli MFY hududida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Natijada fuqaro I.B.ga tegishli bo‘lgan qutilarda umumiy qiymati 6 million so‘mdan ortiq, 14 400 dona, umumiy og‘irligi 7,0 kilogramm “Treniya” pirotexnik vositalari borligi aniqlandi hamda ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan dastlabki bojxona surishtiruvlari olib borilmoqda..
Viloyat bojxonachilarining xatti-harakatlari bilan jamoat joylarida, xonadonlarda pirotexnika buyumlari muomalasi oqibatida yuz berishi mumkin bo‘lgan, bayram kayfiyatiga ta’sir etuvchi, salomatligimizga putur yetkazuvchi noxushliklarning oldi olinayotir.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.