Paqildoqlar portlamadi, olib qo‘yildi

Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, mamlakatimizga olib kirish (olib chiqish) yoki o‘tkazish taqiqlangan. Biroq insonlarning hayotini xavf ostiga solish evaziga mo‘may daromad olish ilinjida ish ko‘ruvchilar ham yo‘q emas.

Masalan, samarqandlik 17 yoshli A.G. pirotexnika vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanishdan qo‘rqmadi. Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida uning xatti-harakatlari fosh bo‘ldi. Fuqarodan qiymati 400 ming so‘mlik 20 quti paqildoq daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.

Past Darg‘om tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida ham paqildoq savdosini kasb qilib olgan M.D.ning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi. Unga tegishli bo‘lgan 260 ming so‘mlik 13 quti pirotexnika vositasi xaridorlarga yetib bormaydigan bo‘ldi.

Urgutlik M.R ham Yangi yil arafasida pirotexnika vositalari orqali mo‘may daromad ko‘rishni istaydiganlar toifasidan bo‘lib chiqdi. Yo‘qsa, tuman davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida yuzi shuvut bo‘lmas edi. Unga tegishli qiymati 595 ming so‘mlik 70 quti paqildoq daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.

Umid Alimov,

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati xodimi.