Parijda yashagan Temuriyzoda Vataniga nega kelolmagan?
1992 yilning yozida ilk marta Parijga xalqaro ilmiy konferensiyaga qatnashish uchun borganman. Samarqand tarixi va madaniyatiga bag‘ishlangan ushbu konferensiya YuNESKO qarorgohida bo‘lib o‘tgandi.
Anjuman kunlari fransuz hamkorlarimizdan biri, professor Frans Grene:
• Parijda Temur va temuriylar tarixi hamda madaniyati bilan shug‘ullanuvchilarning birlashmasi borligini eshitganmisiz? – deb so‘rab qoldi.
• Yo‘q, – deb javob berdim.
• Agar xohlasangiz men sizni assotsiatsiya rahbarlari bilan tanishtiraman, - dedi Frans.
- Yaxshi bo‘lardi, - dedim.
Oradan bir kun o‘tgach, Frans bilan assotsiatsiyaning bosh kotibasi Frederik Bressand xonimning uyiga bordik. Bu yerda bizni bir necha kishi kutib turardi. Ular bilan tanishdik. Shu yerda birinchi marta temuriylar assotsiatsiyasi prezidenti, professor Lyusen Keren bilan tanishdim. Professorning O‘zbekistonga va Amir Temurga chuqur, samimiy hurmati bor ekan. O‘sha kuni allamahalgacha suhbatlashdik, suhbat orasida professor Lyusen Keren mendan «Parijda yashagan temuriyzoda Islombek Xudoyorxon haqida eshitganmisiz, deb so‘radi. Men “yo‘q” javobini bergach, professor “Ertaga sizni Islombek Xudoyorxon dafn qilingan qabristonga olib boramiz”, dedi.
Ertasi Lyusen Keren, Frederik Bressand xonim birga Parijdagi mashhur Per la Shez qabristoniga bordik. Bu katta va qadimiy qabristonda Fransiyaning mashhur insonlari abadiy uyquda yotishibdi. Qabristonga ziyoratga keluvchilar qiynalmasliklari uchun kirish eshigi oldida qabrlarning joylashishi haqida ma’lumot berilgan. Ma’lumotnoma bilan tanishib, qabriston markazi tomon yurdik. Markazda balandligi taxminan uch metrlar bo‘lgan devor bor edi. Biz devorning oldiga kelib to‘xtadik. Devorda maxsus idishlarni o‘rnatish uchun to‘rtburchak kavakchalar yasalgandi. Islombek Xudoyorxon va uning rafiqasi Aleksandra Xudoyorxonlarning xoklari devordagi kavaklarga o‘rnatilgan ekan. Kavaklarning pastiga fransuz tilida “Islombek Xudoyorxon (1889-1983)” va “Aleksandra Xudoyorxon (1894-1972)” so‘zlari bitilgan. Devor yoniga tiz cho‘kib, ikki vatandoshimning ruhi-poklariga bag‘ishlab Qur’on tilovat qildim.
Keyingi uchrashuvimizda Lyusen Keren Islombek Xudoyorxon haqidagi xotiralarini so‘zlab berdi va Islombekning bir suratini, bir nechta xatlarining nusxalarini sovg‘a qildi:
• O‘zbekistonga borganingizda albatta, janob Islombek haqida maqolalar yozing. O‘zbek xalqi o‘zining bunday mashhur va fidoyi o‘g‘li haqida albatta bilishi kerak, – dedi.
O‘zbekistonda Islombek Xudoyorxon haqidagi ma’qolalarim matbuot orqali e’lon qilingach, u kishining jiyanlari Temurbek Xudoyorxonov va Muzaffarxon Haydarov ham qo‘qonlik taniqli, fidoyi olim, professor Sharif Yusupovlar bilan tanishib suhbatlashdim. Islombek Xudoyorxon haqidagi ma’lumotlarim asta-sekin yig‘ilib, yirik bir maqolaga yetarli darajaga yetdi. Quyida o‘sha ma’lumotlarning ayrimlarini sizga tanishtirmoqchiman.
Parijda yashagan temuriyzoda Islombek Xudoyorxon Toshkent shahridagi Qashqar mahallasida, Qo‘qon xoni Xudoyorxonning ikkinchi o‘g‘li Muhammad Aminbekxon xonadonida tavallud topgan. Muhammad Aminbek mustaqil Qo‘qon xonligi Rossiya imperiyasi tomonidan ag‘darilib, uning o‘rniga Turkiston general-gubernatorligiga qaram Farg‘ona viloyati tashkil etilganidan so‘ng 1876 yili Qo‘qondan Toshkentga ko‘chib kelib, bu yerda hovli joy sotib oladi.
Qo‘qon xonligi bilan Rossiya imperiyasi o‘rtasida imzolangan tinchlik shartnomasi bo‘lishiga qaramay, Oq podsho ma’muriyati har xil nayranglar va bahonalar bilan Qo‘qon xonligini yo‘q qilishga erishadi. Imperator Aleksandir II farmoniga ko‘ra, xonlik o‘rnida Rossiya imperiyasiga qaram Farg‘ona viloyati tuziladi.
Marhum, professor Sharif Yusupovning aniqlashicha, Islombek dastlab yetti yil Orenburgda, ikki yil Moskvada o‘qiydi. Rossiyada Oktyabr to‘ntarishi sodir bo‘lganida Islombek yigirma sakkiz yoshda edi. Xonning nabirasi, buning ustiga Oq podsho tizimidagi harbiy o‘quv yurtini tugatgan Islombek uchun Turkistonda qolish juda xavfli edi. Shu sabab u xorijga ketishga qaror qiladi. Islombekning qay tarzda Parijga borib, u yerdagi Afg‘oniston elchixonasida ish boshlagani to‘g‘risida aniq ma’lumotlar saqlanmagan. Sh.Yusupovning yozishicha, Islombek Afg‘oniston hukumati nomidan Fransiya va Shveysariyada elchixonalar tashkil etib, qariyb ellik yil davomida diplomatiya sohasida mehnat qilgan. Shuningdek, domla Islombekni Fransiyaga Moskva orqali chiqib ketganligini ta’kidlaydi.
Islombek Fransiyadagi Afg‘oniston elchixonasida ishlagan paytida ko‘plab turkistonlik muhojirlarga amaliy yordam beradi.
Turkiston ozodligi yo‘lida katta ishlarni amalga oshirgan Ahmad Zakiy Validiy Tug‘on o‘z xotiralarida 1923 yili Parijda Islombek bilan uchrashganligini, undan ko‘p yaxshiliklar ko‘rganini yozadi.
Islombek Xudoyorxon XX asrning 50 yillari fransuz olimi Lyusen Keren bilan tanishgach, ular o‘rtasida uzoq muddatli do‘stlik paydo bo‘ladi. Ayniqsa, Lyusen Kerenning Amir Temur va temuriylar tarixi bilan qiziqishi bu do‘stlikni yanada mustahkamlaydi.
Lyusen Kerenning aytishicha, u kishi o‘tgan asrning 60-yillarida SSSRga ilmiy safarga keladi. Fransuz olimlari, O‘zbekistondagi Mirzacho‘lni o‘zlashtirish tajribasi bilan qiziqadi. Lyusen Keren safarga jo‘nashidan oldin Islombek bilan uchrashadi. Islombek unga yangi fotoapparat va bir nechta plyonkalar berib O‘zbekistondagi Amir Temur va temuriylar bilan bog‘liq barcha narsalarni rasmga olishni so‘raydi. O‘zbekistonga kelgan Lyusen Keren Toshkent, Samarqand va Shahrisabz shaharlarida bo‘lib, bu shaharlardagi yodgorliklarni suratga oladi. Parijga kelib barcha plyonkalardagi kadrlarni qog‘ozga ishlatadi va Islombekka beradi. Islombek har bir suratni diqqat bilan tomosha qilar ekan, Lyusen Kerenga qarab:
• Ko‘rdingizmi, mening ajdodlarim qanday buyuk sivilizatsiya yaratganlar. Afsuski, bularni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish huquqidan mahrumman – deydi ko‘zlarida yosh to‘lib.
Islombek Xudoyorxonning diplomatiya sohasidagi xizmatlari Fransiya, Shveysariya va Afg‘oniston hukumatlari tomonidan yuksak qadrlangan. U Fransiyaning yuksak mukofoti “Faxriy legion”, Afg‘onistonning “Vafo nishoni” (Afg‘onistonda bunday ordenning birinchisi podsho Omonulloxonga, ikkinchisi Islombek Xudoyorxongagina nasib etgan, xolos) ordenlariga, Shveysariyaning xorijliklarga beriladigan yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan.
1972 yili Islombekning xotini Aleksandra xonim vafot etadi. Ularning farzandlari yo‘q edi. Shu sababli Islombek yolg‘izlanib qoladi. U kishi elchixonada ishlab yurganida bir necha yosh afg‘on yigitlariga otalik qilib ularni tarbiyalagan, Fransiyada o‘qitgan edi. Taxminlarga ko‘ra, Islombek janoblari Afg‘onistonning bo‘lajak podshohi Muhammad Zohirshoxni Fransiyada tarbiya qilgan. U kishining yana bir tutingan o‘g‘li, doktor Akrom janoblari ham Islombekning tarbiyasini olib, mohir elchi bo‘lib yetishadi va uzoq yillar mobaynida Afg‘onistonning Fransiyadagi elchixonasini boshqaradi.
Parijda navbatdagi ilmiy safarda bo‘lganimda Islombek Xudoyorxon haqida biror bir yangi ma’lumot olish maqsadida Frederik Bressand xonim bilan Afg‘oniston elchixonasiga bordik. Afsuski, elchixona yopiq ekan. Bu yerda birgina qorovul bo‘lib, u elchixona ancha vaqtdan buyon yopiq ekanligini, elchi doktor Akram oilasi bilan Amerikaga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganligini aytdi.
Yolg‘izlanib qolgan Islombek janoblari bir necha marta SSSR elchixonasiga murojaat qilib, o‘z Vatani – O‘zbekistonga borishga ruxsat berishlarini so‘raydi. Ammo har doimgidek rad javobini oladi. Ona yurtiga qaytish umididan judo bo‘lgan Islombek Shveysariyaga borishga qaror qiladi. Bu yerdagi Montre shaharchasidagi Valmont qariyalar uyiga joylashib, to umrining oxirigacha, ya’ni 1983 yilgacha shu yerda yashaydi. Vasiyatiga binoan uning xokini Parijga keltirishib, xotinining yoniga, Per la Shez qabristoniga dafn etadilar.
Islombek Xudoyorxonning o‘limidan oldin do‘sti, professor Lyusen Kerenga yozgan maktubini o‘qir ekanman, unda Islombekning Vataniga, singillariga va jiyanlariga bo‘lgan sog‘inchi, Vatanini bir bor ko‘rish nasib etmay musofirlikda jon berayotgani uchun o‘kinch hislari bayon etilganiga guvoh bo‘ldim. XX asr xalqaro diplomatiyasida yorqin iz qoldirgan, Sharq va G‘arb mamlakatlari o‘rtasidagi siyosiy va madaniy aloqalarga mustahkam ko‘prik qurgan ulug‘ vatandoshimiz, Islombek Xudoyorxon bilan haqli ravishda faxrlanishimiz lozim.
Amriddin BERDIMURODOV,
tarix fanlari nomzodi.