“Parrandachilik yo‘nalishidagi 50 dan ziyod yirik korxona 50 foiz quvvatda ishlamoqda” — Prezident
Davlat rahbari raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda parrandachilik yo‘nalishidagi muammolar tilga olindi.
“Asosiy maqsadimiz – aholini rozi qilish ekanini bir zum ham unutmaslik lozim. Narxlarni sun’iy ushlab turib, bu masalada ko‘zbo‘yamachilik yoki ura-urachilikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, dedi Prezident.
Barcha sharoitlar yaratib berilganiga qaramay, 8 ta viloyatda parranda go‘shtini yetishtirish aholi talabining 70 foizini ham ta’minlamayotgani tanqid qilindi.
Parrandachilik xo‘jaliklari bilan uchrashuvlarda 20 dan ortiq muammo va takliflarni ko‘tarilgan. Jumladan, parrandachilik yo‘nalishidagi 50 dan ziyod yirik korxona 50 foiz quvvatda ishlamoqda. Sababi - hududlarda loyihalarni tanlash va joylashtirish ishlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan.
Bugungi kunda bir dona tuxumning o‘rtacha tannarxi 1 ming so‘m bo‘lsa, uning ulgurji narxi 900 so‘mdan oshmayapti.
“Parrandachilik korxonalari rahbarlari vaziyatni tushunib, tuxum narxini oshirmayapti, buning uchun ularga rahmat.
Lekin, qaysi viloyat, tuman va shahar hokimi ular bilan uchrashib, ozuqa yem, transport, aylanma mablag‘ masalalarida yordam berayapti, degan savolga, afsuski, ijobiy javob yo‘q”, dedi Prezident.