Partiya saylovoldi dasturi loyihasi muhokama etildi
Samarqand shahridagi “Ishga marhamat!” monomarkazida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi saylovoldi dasturi loyihasi muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Partiya viloyat kengashi mas’ullari va deputatlar, “Yoshlar qanoti” faollari hamda talaba yoshlar ishtirok etgan muhokamada partiyaning kelgusi besh yillikdagi maqsad-vazifalari xususida so‘z yuritildi.
– Barqaror ish joylarini yaratib, kambag‘allikni qisqartirish, aholini tadbirkorlikka jalb qilishning mahallabay dasturlarini ishlab chiqish, tuman, shahar va mahallalarning alohida master-rejalari ustida ishlash asosiy ustuvor vazifalarimizdan biridir, – dedi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi o‘rinbosari, O‘zLiDeP Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Abdulla Aslanov partiya saylovoldi platformasi haqida so‘z yuritib. – Partiyamiz kelgusi besh yillikda yoshlar bandligi va ishbilarmonligini faol qo‘llab-quvvatlaydi. Xususan, ishsiz yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish, korxonalar buyurtmasi asosida kasbga tayyorlash amaliyotini joriy qilish, har bir viloyatda kamida 100 gektar maydonda “Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi”ni tashkil qilishga erishish va ushbu markazlarni yoshlarimiz uchun chinakam “loyihalar fabrikasi” aylantirish ko‘zda tutilmoqda.
Partiya saylovoldi platformasida yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish uchun mikromoliyalash xizmatlarini kengaytirish va zamonaviy moliyaviy instrumentlardan keng foydalanish uchun imkoniyatlar yaratish, o‘z biznesini ijaraga olingan binoda boshlayotgan yoshlarimizga bir yillik ijara xarajatining 50 foizini qoplab berish, talabalar uchun davlat tashkilotlarida ish haqi to‘lanadigan stajirovka tizimini rivojlantirish kabi vazifalar ham belgilangan.
– Saylovoldi dastur loyihasida maktablarida 153 mingdan ortiq sinf rahbarlari uchun to‘lanadigan mablag‘ miqdorini ko‘paytirilishi, 2030 yilgacha qo‘shimcha 2,5 million o‘quvchi o‘rnini yaratgan holda ta’lim sifatini tubdan yaxshilash va ilm-fanga yo‘naltirilgan mablag‘larni yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 2030 yilgacha 10 barobar oshirish haqidagi takliflar meni quvontirdi, – deydi O‘zLiDeP viloyat kengashi yoshlar qanoti faoli, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektorining yoshlar siyosati bo‘yicha maslahatchisi – yoshlar yetakchisi Bekzod Burxonov. – Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari huzurida tashkil qilingan “Karera va stajirovka markazlari” faoliyatini takomillashtirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun har bir mahallada “Mustaqil rivojlanish” markazlari tashkil etish kabi takliflar ham juda dolzarbdir.
Uchrashuv davomida partiya saylovoldi dasturi loyihasiga bir qator takliflar bildirildi.