Partiyalar saylovchilarning 1 foiz imzosini yig‘ishi kerak
Samarqandda bu jarayon qay tarzda o‘tyapti?
Joriy yil 14 avgust kuni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan mavjud beshta siyosiy partiyaga 24 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovida ishtirok etishga ruxsat berildi. Saylov qonunchiligiga ko‘ra, siyosiy partiyalar oldidagi navbatdagi muhim jarayon o‘z nomzodlarini qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalarini to‘ldirish hisoblanadi.
Partiyalar imzo yig‘ish jarayonida faol, tashabbuskor a’zolari kuchiga tayanishi tabiiy. Ma’lum qilinishicha, partiya a’zolari va faollariga imzolarni to‘plash va imzo varaqalarini to‘ldirish tartibi, bu borada amal qilinishi lozim bo‘lgan jihatlar, zarur tushuncha va ko‘rsatmalar berilgan.
Bunda siyosiy partiya bitta ma’muriy-hududiy tuzilmada (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) imzolar umumiy sonining ko‘pi bilan sakkiz foizini to‘plashi mumkin. Saylovchilarning har bir nomzodni qo‘llab-quvvatlab berilgan imzolari bir xil miqdorda, har bir ma’muriy-hududiy tuzilmadan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahridan) teng nisbatda tanlab olinib, tekshiriladi. Shu jihatdan, jarayon siyosiy partiyalarning viloyatdagi bo‘linmalariga ham alohida mas’uliyat yuklaydi.
Xo‘sh, viloyatda jarayon qanday ketmoqda, dastlabki natijalar qanday?
- Saylovchilarning imzosini to‘plash ish, xizmat, o‘qish, yashash joyi va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa joylarda amalga oshirilmoqda, - deydi Ekologik partiya viloyat kengashi xodimi O‘lmas Ochilov. – Kechagi kun yakuni bilan to‘plagan imzolarimiz soni 15 mingdan oshdi. Bugun-erta jarayonni yakunlash va 22 mingga yaqin imzo to‘plash ko‘zda tutilyapti.
- Siyosiy partiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi jami saylovchilari umumiy sonining kamida bir foizining imzosi bo‘lishi kerak, - deydi O‘zLiDeP viloyat kengashi tashkiliy-nazorat guruhi rahbari Jahongir Xo‘jamqulov. - Shundan kelib chiqib, viloyatda 24 mingga yaqin imzo to‘plashni rejalashtirganmiz. Ayni paytgacha 15 650 ta imzo yig‘ilgan bo‘lsa, hujjatlarni 26 avgustgacha Markaziy kengashga topshiramiz, degan umiddamiz.
- Viloyatda partiyamiz tomonidan 790 ta imzo varaqasi to‘ldirilishi hamda 23 ming 700 nafar saylovchining imzolari yig‘ilishi kerak, - deydi XDP viloyat kengashi raisi Badriddin Nasriyev. – Bilasiz, bugun odamlarimizning siyosiy ongi va eng muhimi, siyosiy faolligi oldingidan ancha oshgan. Bu holat imzo to‘plash jarayoni jadal sur’atlarda, talab darajasida o‘tkazilishiga xizmat qilmoqda.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 23100 nafar saylovchining imzosini to‘plash rejalashtirilgan. Shu kungacha 9 mingdan ziyodroq yoki rejadagi 40 foizga yaqin imzo yig‘ilgan.
“Adolat” SDP viloyat kengashidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ular 22 mingdan ziyod saylovchining ovozini to‘plab bo‘lgan. Bu borada zarur hujjatlar to‘planib, partiyaning markaziy kengashiga yuborilgan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, saylovchilar bitta yoki bir nechta nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishga haqli. Bunda saylovchi o‘z familiyasini, ismini, otasining ismini, tug‘ilgan yilini (yoshi o‘n sakkizda bo‘lsa, qo‘shimcha ravishda tug‘ilgan kuni va oyini), yashash joyi manzilini, pasportining yoki ID-kartasining seriyasi va tartib raqamini, shuningdek, imzo qo‘yilgan sanani ko‘rsatadi.
Mazkur ma’lumotlar qo‘lda yozib kiritiladi. Imzo varaqasiga o‘z imzosini qo‘yadigan saylovchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar saylovchining iltimosiga ko‘ra, imzo to‘plashni amalga oshirayotgan shaxs tomonidan kiritilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan besh kunlik muddatda tekshiriladi. Markaziy saylov komissiyasi tekshiruv o‘tkaziladigan vaqt va joy haqida siyosiy partiyalarni oldindan xabardor qiladi. Negaki, bu jarayonda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok etadi.
Yo.Marqayev tayyorladi.