Past Darg‘om tumanida giyohvand moddalar savdosiga chek qo‘yildi

Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari 2300 AQSh dollarlik giyohvandlik vositasi savdosiga chek qo‘ydi.

Past Darg‘om tumanida olib borilgan tezkor tadbir davomida shu tumanda yashovchi, muqaddam sudlanmagan, yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi, 1984 yilda tug‘ilgan N.K. sof og‘irligi 702.4 gramm bo‘lgan "marixuanna" giyohvandlik moddasini 2300 AQSh dollariga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Olib borilgan dastlabki surishtiruv ishlari natijasida fuqaro N.K. ushbu giyohvandlik moddasini Past Darg‘om tumani, Gumbaz mahallasida yashovchi fuqaro X.Yo.dan olganligi ma’lum bo‘lgan.

Shundan so‘ng fuqaro X.Yo. bilan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida fuqaro haqiqatdan ham ushbu giyohvandlik moddasini o‘zi ekib yetishtirganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan Past Darg‘om tumani ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan aybdorlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.