Past Darg‘omda kanaldan 17 yoshli qizning topilganligi holati yuzasidan bayonot
11 may kuni Past Darg‘om tumani, Chandir mahallasida yashovchi R.X. tuman prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilib, voyaga yetmagan 2004 yilda tug‘ilgan S.X. yashash uyidan chiqib ketib, bedarak yo‘qolganligini bildirib, uni topishga amaliy yordam so‘ragan.
Tuman prokuraturasi boshchiligidagi tergov-tezkor guruhi tomonidan zudlik bilan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida 12 may kuni S.X.ning murdasi tumanning Do‘stlik mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi “Eski Anhor” kanalidan topilgan.
S.X.ning bedarak yo‘qolib, o‘lik holatda topilganligi yuzasidan xizmat tekshiruvlari va sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlanib, voqeani bevosita guvohi yoki undan xabardor bo‘lgan shaxslar doirasini aniqlash va ulardan tushuntirish olish ishlari olib borilmoqda.
Sud tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, marhumaning o‘limi suvga cho‘kishdagi mexanik asfiksiyadan kelib chiqqanligi, S.X.ga nisbatan jinsiy tajovuz qilinmaganligi aniqlangan.
Hozirda holat bo‘yicha Past Darg‘om tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda, tekshiruv harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Samarqand viloyati prokuraturasi axborot xizmati.