Past Darg‘omda noqonuniy faoliyat olib borayotgan “tadbirkorlar”ning mahsuloti olib qo‘yildi

Past Darg‘om tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar natijasida hujjatsiz faoliyat yuritayotgan “tadbirkorlar” faoliyatiga chek qo‘yilmoqda.

Tumanning Paxtakor mahallasida yakka tartibdagi tadbirkor B.A. alkogol va tamaki mahsulotlari bilan savdo qilib kelgan. Biroq buning uchun tegishli tartibda litsenziya olishni unutgan. Nazorat tadbirida umumiy qiymati 572,5 ming so‘mlik alkogol va tamaki mahsulotlari daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.

Fuqaro Sh.N. ham savdo faoliyati bilan shug‘ullanib, buning uchun tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tishni parvoyiga keltirmagan. Oqibatda “tadbirkor” ko‘zlagan maqsadiga erisha olmadi va uning siri fosh bo‘ldi. Nazorat tadbirida sotuvdagi umumiy qiymati 2 million 310 ming so‘mlik 2 turdagi yem mahsuloti daliliy ashyo sifatida olindi.

Past darg‘omlik G.B. tegishli hujjatsiz savdo faoliyati bilan shug‘ullanishdan o‘zini tiymadi. Tadbirda fuqaroning noqonuniy xatti-harakati tuman davlat soliq inspeksiyasi xodimlari nazaridan chetda qolmadi. Uning savdo do‘konidan umumiy qiymati 1099,2 ming so‘mlik 12 turdagi ayollar kiyim-kechaklari daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.

Umid ALIMOV,

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati xodimi.