Past Darg‘omda soliq xodimi qarzdorlikni yopib berish evaziga pora olayotganda ushlandi

Sherali Hakimov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Past Darg‘om tuman davlat soliq inspeksiyasida kameral nazorat bo‘limi davlat soliq katta inspektori vazifasida ishlardi. Xizmat vazifasi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblab chiqishni kameral nazorat qilish bo‘lsada, u o‘z xizmat mavqeidan moddiy naf ko‘rish yo‘lida foydalandi.

Dilafro‘z Abdullayeva o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan fermer xo‘jaligining soliq to‘lovlaridan bo‘lgan qarzdorligini aniqlash maqsadida tuman soliq inspeksiyasiga bordi. Inspeksiya xodimi Sh.Hakimovga uchrashganida u fermer xo‘jaligining soliq to‘lovlaridan bo‘lgan qarzdorligini 2 million 490 ming so‘m ekanligini aytdi. D.Abdullayeva hisob raqamiga hali pul tushmaganini, qolaversa, pillachilik bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaliklari uchun ma’lum imtiyozlar mavjudligini inobatga olib Sh.Hakimovdan hisob-kitoblarda biroz yordam qilishini so‘radi.

D.Abdullayevaning chorasizligi soliq xodimining ta’magirlik qilishiga bahona bo‘ldi. Sh.Hakimov unga agar 1 million 500 ming so‘m keltirib bersa uning qarzini kamaytirib berishi mumkinligini aytdi. 

D.Abdullayeva qarzni yopishning boshqa imkonini topmagach, avval soliq xodimining gaplariga rozi bo‘ldi. Ammo uning bu harakatlari noqonuniy ekanligini o‘ylab, bunga chek qo‘yishini so‘rab huquq-tartibot idoralariga murojaat qildi.

Murojaatga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Sh.Hakimov xizmat mavqeidan foydalangan holda D.Abdullayevaning ishonchini suiiste’mol qilib 1 million 500 ming so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritayotgan paytda tezkor xodimlar tomonidan ushlandi. Sud tomonidan Sh.Hakimovning bu qilmishiga qonuniy chora ko‘rildi.

S.Mardiyev.