Pasxa oroli siri
Bu orol sayyoramizning eng sirli joyi hisoblanadi. Uni o‘rganayotgan tadqiqotchilar oldida javobdan ko‘ra savollar ko‘p.
Masalan, bu yerga mahalliy aholi qanday kelib qolgan? Yana ular turli irqqa tegishli - oq tanli, qora tanli... Eng katta jumboq - tosh haykallar. Ularning balandligi o‘n metrga yetadi. Haykallar vulqonning so‘ngan kraterida tayyorlangan, hozirgacha qoldiqlari saqlanib qolgan. Orol 1722 yilda pasxa hayiti kuni ochilgani uchun Pasxa deb nom olgan. Orolni ochgan golland dengizchisi Yakob Roggevan u yerda bir kungina bo‘lsa-da juda ko‘p aqlbovar qilmas jumboqlar haqida yozib qoldirgan. Qizig‘i shundaki, tosh haykallar qirg‘oqda orqasini okeanga o‘girib saf tortib turibdi.
Ayrim tadqiqotchilar ushbu haykallarni qandaydir boshqa sivilizatsiya vakillari o‘rnatgan degan fikrda. Haykallar soni 900 ga yaqin. Ayrimlari pala-partish o‘rnatilgan bo‘lsa, ko‘pchiligi qat’iy tartibda joylashgan. Qiyofalari juda g‘alati: ulkan kalla, uzun quloq, yuzlari tund, soqollari barvasta. Vulqon kul qoldiqlaridan yasalgani uchun haykallarini o‘rnatishda qiyinchilik tug‘dirmagan. Tanasida mahalliy aholi foydalanadigan ayrim buyumlar, hayvon va qushlar tasviri o‘yilgan. Hayratlisi, orolda bunday jonivorlar yashamagan.
Rivoyatlarga qaraganda, orolda uzun quloq odamlar yashagan. Ular quloqqa og‘ir zirak taqib yurishgani uchun quloq cho‘zilib, uzayib ketgan. Janubiy Amerika changalzorlarida yaqin vaqtlargacha shunday qabilalar saqlanib qolgan. Taxminan 400 yil avval orolga polineziyaliklar ko‘chib kelishgan. Shakarqamish, banan, kartoshka yetishtirishgan. O‘zlari bilan tovuqlar olib kelishgan. Eramizning 1200 yili bu yerda Janubiy Amerika aholisi paydo bo‘lgan. Orol aholisi ularni xudolar deb kutib olishgan. XIV-XV asrlarda orolda turmush izdan chiqqan, bir paytlar hukmronlik qilgan uzun quloqliklar avlodi o‘zaro urushga kirishib, o‘simliklar va hayvonot dunyosiga qiron keltirgan. Oxir-oqibat, kalta quloqlar uzun quloqlarni batamom qirib tashlagan.
Hozirda Pasxa oroli (mahalliy nomi - Rapanun) Chiliga qarashli. Qit’adan juda olisda - 3,5 ming kilometr narida joylashgan. Orol quruqlik maydoni 163 kvadrat kilometr, 6 mingga yaqin aholi yashaydi.
Rasmiy tili - ispan va rapanuy, iqtisodi sayyohlikka asoslangan. G‘alatisi shundaki, orolda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan hodisalar ro‘y berib turadi. 1922 yilda kuchli dovul oqibatida orol butunlay suv ostida qolgan. Bir necha kun o‘tgach, yana yuzaga chiqqan.
Ko‘pchilik tadqiqotchilar Pasxa oroli anomal hududda joylashganligini ta’kidlashadi. Shu bois bu yerda boshqa o‘lchamdagi olam odamlari, buyumlar paydo bo‘lishi mumkin.
T.Shomurodov tayyorladi.