Paxta yog‘i olib berishni va’da qilib fuqaroning 9 ming dollarini aldab olgan shaxs ushlandi

Joriy yilning 30 aprel kuni Toshkent shahri Yashnobod tumanida ichki ishlar xodimlari tomonidan firibgarlik bilan bog‘liq holat qayd etilgan. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar bermoqda.

Tuman IIO FMB tergov bo‘limidan tushgan hujjatlarga ko‘ra, Oqdaryo 1-berk ko‘chasida yashovchi M.M. angrenlik T.S.ga “Toshkent yog‘-moy kombinati” AJdan tanishlari orqali 11 600 kilogramm paxta yog‘i mahsulotlari olib berishni va’da qilib, undan 9 000 AQSh dollari oladi. Biroq u bergan va’dasini bajarmasdan pullarni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi.

Firibgarlik qurboniga aylangan T.S. bo‘lib o‘tgan voqealar yuzasidan vakolatli organga murojaat qiladi. Tuman ichki ishlar xodimlarining tezkor tadbirlari natijasida M.M. qo‘lga olinadi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergovni IIB olib bormoqda.