Paxtachi tumanida sodir bo‘lgan yong‘in to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot berildi

FVV xabariga ko‘ra, kecha 9 may kuni soat 21:25 da Samarqand viloyati Paxtachi tumani “Yangiobod” MFYda joylashgan aholiga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasi hududida yong‘in portlash sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida FV bo‘limiga xabar tushgan.

Shunga ko‘ra 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yetib borib, yong‘inni soat 22:30 qurshab olgan va soat 23:00 da bartaraf etgan.

Yong‘in natijada gaz quyish shoxobchasi hududida bo‘lgan 3 ta “ISUZU” rusumli avtomashina va ularda sig‘imi 50 litrli  suyultirilgan uglevodorod gazlari bo‘lgan ballonlar yonib zararlangan.

Hodisa shoxobchadagi “MAN” rusumli suyultirilgan gaz tashuvchi avtomashinadan gazni zaxira sig‘imiga bo‘shatish jaryonida texnika xavfsizligi qoidalarining buzilishi oqibatida yuzaga kelganligi taxmin qilinmoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra hodisa oqibatida bir nafar fuqaro tan jarohati olgan. Hozirda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. 

Voqea joyiga FVV, IIB, SSB va tegishli tashkilotlar xodimlari yetib borgan.