Paxtachilik Qahramon bir xato bois 75 yil davomida o‘z yurtida xotirlanmayapti

Ikkinchi jahon urushidan keyin o‘tgan 49 yil davomida Paxtakor – hozirgi Paxtachi tumani bo‘yicha 3 nafar jangchi Sovet ittifoqi Qahramoni bo‘lgan, deb kelinardi. 1994 yilda nashr etilgan ko‘p jildlik “Xotira” kitobining Samarqand viloyatiga bag‘ishlangan 2-kitobida Paxtachi tumanidan Sovet ittifoqi Qahramoni degan unvonga sazovor bo‘lgan, 1903 yilda tug‘ilib, 1943 yilda halok bo‘lgan Gregalxin familiyali yurtdoshimiz ham borligi qayd etilgan (233-bet).
Ammo asosiy manbalarda – “Sovet ittifoqi Qahramonlari ro‘yxatida Gregalxin familiyali Qahramon bo‘lmagan”, degan vaj bilan Sovet ittifoqi Qahramonining nomi yana 25 yil davomida tilga olinmay kelgan.
Muammoga aylangan masalaga oydinlik kiritish maqsadida arxiv hujjatlaridan, asosli manbalardan javob axtardim. “Sovet Ittifoqi Qahramonlari” nomli ikki jildlik kitobning 1-jildi sahifasida izlaganimni topib juda xursand bo‘ldim. Unda yozilishicha, Qahramonning familiyasi Gregalgin emas, Grechixin ekan.
E’tiborsizlik tufayli Grechixin familiyasi Gregalxin shaklida xato yozilishi natijasida ziyovuddinlik Qahramonning nomi 75 yil davomida gumonlar pardasida noma’lum bo‘lib keldi.
El, yurt uchun o‘z jonini fido aylab halok bo‘lganlar oldida biz hamisha burchlimiz. Shu bois asosiy manbalar (SAMO SSSR, F-33, op.793756, d.12, 1-27; “Geroi tvoi – Xersonщina”. Simferopol, 1980, str. 143-145) asosida hamyurtimiz bo‘lgan Qahramon Grechixin Nikita Artyomovich to‘g‘risida muxtasar ma’lumot berishni ma’qul ko‘rdim.
Nikita Grechixin 1903 yilda Ukrainaning Dnepropetrovsk viloyatidagi Igren shahrida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini Ukrainada boshlagan, binokor bo‘lib ishlagan. Keyinchalik Grechixinlar oilasi Paxtakor tumaniga ko‘chib kelgan. Bir necha yil davomida tumandagi qurilish tashkilotlarida fidokorona ishlab, oila qurib, tinch-totuv yashagan.
1942 yil fevral oyida Paxtakor (hozirgi Paxtachi) tumani harbiy komissariati tomonidan harbiy xizmatga chaqirilib, frontga yuborilgan. 40 yoshda bo‘lganligi uchun Nikitani “qari soldat” deb atashgan.
Bryansk, G‘arbiy, Orlov, Markaziy hamda Belarus frontlaridagi janglarda qatnashgan. Orlov, Chernigov – Pripyatsk, Gomel – Rechitsk jang operatsiyalarida ishtirok etgan.
1943 yil sentyabrida starshina Nikita Grechixin Markaziy front 61-armiyaning 356-o‘qchi diviziyasi 1185-o‘qchi rota vzvod komandirining yordamchisi bo‘lgan. Dnepr uchun bo‘lgan janglarda o‘zini ko‘rsatgan. Nikita xizmat qilgan polk Orlovskiy oblasti hududida hujumga o‘tgan. Nemislar qadimiy Bolxov shahriga olib boruvchi yo‘l chetida yerni qazib u yerga tankni joylashtirgan. Yaxshi o‘rnashgan tank qo‘shinning oldinga o‘tishi uchun hech qanday imkon bermagan. Starshina Grechixin fashistlar “zarba yetkazib bo‘lmaydigan”, deb hisoblagan o‘q otish nuqtasini bir o‘zi yo‘qotishi istagi bilan chiqadi. Lekin bu ishni amalga oshirish uchun, ya’ni bildirmay dushman orqasidan o‘tib, tankni portlatish o‘ta kuchli harbiy mahorat, epchillik talab qilar edi.
Mashaqqatli jang tezda Muranovo qishlog‘i uchun bog‘lanadi. Bir guruh nemislar chakalakzorda o‘tirib, daraxtlar shoxlari va butazorlarda yashirinib, pulemyot va avtomatlardan otilgan kuchli o‘qlar bilan kutib oladi. Ukrainaning Chernigov oblasti Repkin rayoni Lyubech qishlog‘i hududida Dnepr yaqinidagi janglar vaqtida razvedka tarkibida bo‘lgan Nikita nemislar qismidagi 50 ga yaqin fashistlarni qo‘lga oladi. Tasodifan yuz bergan imkoniyatdan ustalik bilan foydalanib, yovga shiddat bilan hujum qiladi. Dushman soldatlaridan 9 tasini yo‘q qiladi va 1 nafarini asir oladi.
Starshina Grechixin yana tashabbus bilan chiqadi: o‘ziday jasur yigitlar guruhi bilan Filonovo qishlog‘i orqali dushman orqasiga o‘tishga muvaffaq bo‘ladi. Tongda u shartli signal beradi. Artilleriya chakalakzorga zarba beradi. Grechixin boshchiligidagi dovyurak botirlar guruhi orqadan nemislarlarga hujum qiladi.
Nikita Grechixin o‘z vzvodi bilan 1943 yil 28 sentyabrda jangni jadallashtirib, Dnepr daryosini kechib o‘tishda 5 ta baliqchilar qayig‘ini izlab topadi. Bir guruh jangchilarga boshchilik qilib birinchilardan bo‘lib, Dnepr daryosidan o‘tadi. G‘arbiy qirg‘oqda turib pulemyotdan o‘t ochib, batalonning daryodan kechib o‘tishiga yordam beradi.
1943 yil 4 oktyabrda Braginka daryosi jangida Belarusning Braginsk rayoni Pirki qishlog‘ida bir guruh askarlar bilan dushman orqasiga o‘tib, 37 nafar gitlerchilarni qirib tashlaydi. Guruhning bu harakati batalonning juda tez olg‘a siljishiga yordam beradi.
1943 yil 29 noyabrda polk Xoyniki rayonining Tunevshina, Glinitsa qishloqlarida mustahkam o‘rnashgan nemis pozitsiyasiga duch keladi. Grechixin xizmat qilgan vzvod bir necha marta shiddatli hujumga o‘tib, dushman yashiringan handaqlarni egallaydi va yovni chekinishga majbur qiladi.
Nikita Grechixin 1943 yil 29 noyabrda Xoyniki rayonidagi Boguslavitsa qishlog‘i uchun bo‘lgan jangda halok bo‘ladi va Tunevshina qishlog‘ida, keyinchalik esa Xoyniki shahridagi qardoshlar qabristonida dafn etiladi.
SSSR Oliy Soveti Prezidiumining 1944 yil 15 yanvardagi farmoniga asosan starshina Nikita Grechixin o‘limidan keyin “Sovet ittifoqi Qahramoni” degan yuksak unvonga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, vafotidan so‘ng Lenin ordeni bilan ham mukofotlangan.
Igren shahridagi 109- va Dnepropetrovsk shahridagi yana bir maktabga Qahramon Nikita Grechixin nomi berilgan. Boguslavitsa qishlog‘ining nomi o‘zgartirilib, hamyurtimiz nomini abadiylashtirish maqsadida ziyovuddinlik dovyurak Qahramon sharafiga Grechixino deb atalgan.
N.Grechixinning qahramonona xizmatlarini ulug‘lab, Ziyovuddin shaharchasidagi ko‘chalardan biriga, u yashagan mahallaga uning nomi berilsa, yangidan tashkil etilgan “G‘alaba bog‘i”da qo‘rquv bilmas, mard o‘g‘lonning byusti o‘rnatilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Ismat Sanayev.