Paxtasi Qashqadaryodan, matosi Xorazmdan: Urgutda tayyorlanayotgan ko‘rpacha va yostiqlar xorijga ham sotilmoqda
Sarlavhani o‘qib, xayolan tikuv fabrikasidagi qizg‘in ish jarayonini tasavvur qilgan bo‘lsangiz, ajab emas. Ochig‘i, biz ham bu natijalarga erishgan tadbirkor bilan uchrashish uchun yo‘lga chiqqanimizda manzilda salobatli korxona yoki fabrikani ko‘ramiz, deb o‘ylagandik. Qalovini topgan 10 sotix hovlida turib ham xorijga mahsulot sotar ekan.
Tadbirlilar mahallasi
Urgut tumani markazidan uncha uzoq bo‘lmagan Andak mahallasiga yetib keldik. Tog‘ etagi, past-balandliklardagi zich qurilgan uylarda qish bo‘lishiga qaramay ish qaynamoqda. Bu yerning aholisi o‘zining mehnatkashligi, ishbilarmonligi bilan ajralib turar ekan. Tikuvchilik, tunukachilik, uzumchilik, deysizmi, xullas, daromad keltiradigan har qanday sohada ular omadini sinab ko‘rishdan qo‘rqmaydi.
- To‘g‘ri, mahallamiz aholisi turli yo‘nalishlarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi, - deydi mahalladagi hokim yordamchisi Bekzod Tohirov. - Lekin hududni iqtisodiy rivojlantirish drayveri sifatida tikuvchilik belgilandi. Sababi, mahalla xotin-qizlarining asosiy qismi shu ish bilan shug‘ullanadi. Qolaversa, yaqin hududlarda tekstil fabrikalari joylashgan bo‘lib, ularda ishlayotgan yoshlar daromad qilish barobarida kasbining sir-asrorlarini ham puxta o‘zlashtirmoqda. Buning samarasi o‘laroq, keyingi vaqtda uyida tikuvchilik sexini ochib, mustaqil ish boshlaganlar soni ko‘paydi. Hozir bu sexlarda kiyim-kechak, sumka, shuningdek, uy-joy uchun kerakli mahsulotlar tayyorlanib, sotuvga chiqarilmoqda.
«Samarqand ko‘rpachalari NAQ» MChJ rahbari Akbar Nuraliyev ana shunday tadbirkorlardan biri. U o‘tgan ikki yil ichida respublikamizning 10 ta hududida sotuv nuqtalarini ochishga muvaffaq bo‘ldi. Hozir uning mahsulotiga xorijliklar ham qiziqish bildirmoqda.
Hammasi nimadan boshlandi?
- Karantin vaqtida daromadim kamayib, uyda turib pul topish yo‘llarini qidira boshladim, - deydi A.Nuraliyev. - Bozorlarni o‘rgandim, bugun ko‘pchilik ko‘rpa, yostiq va ko‘rpachalarni ham tayyor holatda sotib olayotgani e’tiborimni tortdi. Xotinim ikkimiz tavakkal qilib, shu yo‘nalishda ish boshladik. Boshida xaridor topish oson bo‘lmadi, raqobatchilarimiz ko‘p edi. Qo‘limiz ishga o‘rganib, mahsulotimizning sifati oshib boravergach, xaridorlarning o‘zi bizni qidirib kela boshladi.
Tadbirkorning muvaffaqiyati sababi faqat bu emas. Dunyoning rivojlangan davlatlarida bo‘lgan va u yerdagi savdo-sotiq jarayoni bilan yaqindan tanishgan Akbar zamonaviy marketing imkoniyatlaridan ham juda unumli foydalanmoqda. Xususan, u o‘z mahsulotining reklamasiga alohida e’tibor qaratadi. Shuningdek, xaridorlarga bu mahsulotlarni onlayn yoki muddatli to‘lov asosida xarid qilishi uchun ham barcha sharoit yaratilgan.
- Xalqimiz ko‘rpa-to‘shaklarni odatda to‘y uchun xarid qiladi, - deydi tadbirkor. - Bilamizki, bu vaqtda xarajatlar ham katta bo‘ladi. Shuni inobatga olib, mahsulotimizni muddatli to‘lov asosida sotishga qaror qildik. Bundan biz zarar qilmaymiz. Aksincha, xaridorlarimizning ishonchiga kiramiz. Tabiiyki, ular bizning mahsulotni tanish-bilishlariga ham reklama qilishni boshlaydi. Marketing shunday ishlaydi.
Mahalla ayollari kasanachilik shaklida ishga jalb qilingan
Er-xotin boshlagan ish tez sur’atda rivojlanib bordi. Endi ular buyurtmalarni bajarishga ulgurmas edi. Shunda Akbar faoliyatini ortiqcha xarajatlarsiz yanada kengaytirish yo‘lini o‘ylab topdi. U mahalladagi ayollarga ish o‘rgatib, uyiga xomashyo yetkazib beradigan, tayyorini olib ketadigan bo‘ldi.
- Ikki yildan beri «Samarqand ko‘rpachalari NAQ» MChJ bilan hamkorlikda ishlayman, - deydi tumanning Bunyodkor mahallasida istiqomat qiluvchi tikuvchi Nilufar Sattorova. - Avval boshida ularga shogird tushgandim. Ishni ipidan ignasigacha o‘rgatishgach, uyimga alohida tikuv mashinkasini olib berishdi. Har kuni xomashyo keltirib, yarim tayyor ko‘rpa-to‘shaklarni olib ketishadi. Bir dona ko‘rpacha uchun ishning hajmiga qarab, 10 mingdan 20 ming so‘mchaga pul olaman. Mavsumda bir kunda 20-25 tagacha ko‘rpacha tayyorlayman. Daromadim juda yaxshi. Eng asosiysi, uyimda turib ishlayman. Ortiqcha xarajat qilmayman.
Bugungi kunda Nuraliyevlar oilasi bilan shu tartibda hamkorlikda ishlovchi 10 ta xonadon bor. Ularning asosiy qismi Andak mahallasida. Tadbirkor o‘tgan yili mahalladagi hokim yordamchisining ko‘magi bilan 200 million so‘m imtiyozli kredit olib, ularning asosiy qismiga tikuv mashinkalari hamda boshqa kerakli anjomlarni olib berdi.
Aytish joizki, bir dona ko‘rpacha tayyor holatga kelishi uchun besh bosqichdan o‘tishi kerak ekan. Kasanachilik shaklida ishlovchi xonadonlarda shu ishning dastlabki uchtasi (matoni o‘lchamga qarab bichish, girdiga bezak tikish, astarlik uchun chit qo‘yish) bajariladi. Yakuniy ish tadbirkorning xonadonida (paxta solish va qavish) amalga oshiriladi. Buning uchun u yerda 5 nafar xotin-qiz doimiy ishga olingan. Bundan tashqari, mavsum (to‘y-marosimlar ko‘p o‘tkaziladigan vaqt)da qo‘shimcha 15 nafargacha tikuvchi xotin-qiz ishga jalb qilinadi.
- Mutaxassisligim bo‘yicha tikuvchi-dizaynerman, - deydi Orzigul Shodiyeva. - Bir necha yil tekstil fabrikalarida ishladim. Uyimga yaqin joyda ish borligini eshitib, shu yerga keldim. Ish hajmiga qarab 2 million so‘mgacha maosh olaman. Jarayonda sifatga alohida e’tibor qaratamiz. Shuningdek, yangicha bichim va bezaklar o‘ylab topamiz. Ishimdan zavqlanaman.
Amerikadan ham buyurtma bo‘ladi
Ayni vaqtda ulardagi mahsulot asosan 4 xil mato - gazlama, baxmal, duxoba va zarfarangdan tayyorlanar ekan. Buyurtma bo‘yicha alohida o‘lcham olinib, mijozning istagiga qarab boshqa turdagi matolar ham ishlatilishi mumkin.
- Baxmal Buxorodan, gazlama Xorazmdan, duxoba esa Turkiyadan keltiriladi, - deydi Akmal Nuraliyev. - Keyingi vaqtda Xitoyda ishlab chiqariladigan qadimiy zarfarang matosiga talab oshdi. Paxta ham o‘zimizniki emas, Qashqadaryodan olamiz. Sifati yaxshi, narxi unchalik qimmat emas. Ishni boshlagan odam sekin-asta mutaxassis bo‘lib borar ekan. Muhimi, izlanishdan to‘xtaganimiz yo‘q. Iste’molchilarning ta’biga qarab yangiliklar qilyapmiz. Rejalarimiz ham katta.
Ta’kidlanganidek, oilaviy korxona o‘tgan ikki yil ichida respublikamizning 10 ta hududida savdo nuqtasini ochishga muvaffaq bo‘ldi. Hozir Samarqand ko‘rpachalari o‘zimizning shahar va tumanlardan tashqari, Toshkent, Navoiy hamda Namangan viloyatilarida ham sotilmoqda. Qahramonimizning aytishicha, o‘tgan yili u Rossiya hamda AQShga buyurtma asosida mahsulot sotishga erishgan. Biroq logistikadagi muammolar sababli milliy ko‘rpacha va yostiqlarimizning to‘laqonli eksportini yo‘lga qo‘yish imkoni bo‘lmayapti.
Tadbirkorlar nimadan norozi?
Afsuski, bu tadbirkorni o‘ylantirayotgan yagona muammo emas. Biz Akbar Nuraliyev xonadoniga kirganimizda ish to‘xtatilgan, ishchilarning bir qismi uyiga ketgan edi. Sababini so‘raganimizda hozircha elektr energiyasi yo‘q, xonalarni isitish va yoritish muammo bo‘lyapti, degan javobni oldik. Avval boshida bu masalaga unchalik e’tibor bermadik. Sababi, respublikaning barcha hududida elektr energiyasi iste’moliga cheklov kiritilgan bir vaqtda Urgutda ham «chiroq» o‘chishi tabiiy-da. Ammo mahalla raisi bilan uchrashganimizda vaziyat biz o‘ylagandan ancha og‘ir ekanligi ma’lum bo‘ldi.
- Mahallamiz hududi gazlashtirilmagan, uylarimizni o‘tin, ko‘mir va elektr energiyasi yordamida isitamiz, - deydi Andak mahallasi raisi Rahimboy Vohidov. - To‘g‘ri, suyultirilgan gaz ballonlarini berishgan. Ammo ularni ham oxirgi marta 2022 yilning 23 dekabrida to‘ldirishgan edi. O‘tin va ko‘mirning narxini o‘zingiz bilasiz. Yagona ilinjimiz elektr energiyasidan. Biroq uni ham bir kunda 4-5 soatgina berishadi. Mahallamizdagi tadbirkorlar elektrsiz ishi to‘xtab qolganidan, zarar qilayotganidan shikoyat qilyapti. Murojaatlarimiz natijasini esa haligacha ko‘rganimiz yo‘q.
Biz mahalla ko‘chalarida yurib, aholining fikrini o‘rganishga harakat qildik. Ular ham mahalla oqsoqoli aytgan gaplarni tasdiqlashdi. Elektr energiyasidagi tartibsiz va uzoq muddatli o‘chishlar sababli hatto qo‘l telefonlarimizni quvvatlantirishga ulgurmaymiz, deydi ba’zilar. Bunisi mayliku-ya, lekin 3 ming 400 nafar aholi istiqomat qiladigan mahallaning 70 foiz xonadoni ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan ekan. Ular toza suvni hovlisida artezian qudug‘i bor 3-4 ta xonadondan tashib keladi yoki sotib oladi.
Guvohi bo‘lganingizdek, hududda ishbilarmonlar ko‘p, ammo sharoitning yo‘qligi, aniqroq aytganda, kommunal sohadagi muammolar ularga faoliyatini yanada kengaytirish, daromadini oshirish imkonini bermayapti. Mahalladagilar «Balki shu maqoladan keyin mas’ullar bizga ham e’tibor berishar», deb umid bildirishdi. To‘g‘ri-da, 2000 yildan beri gazi yo‘q, ichishga suvi yo‘q, «svet»ining tayini yo‘g‘ insonlarda ishonch nima qilsin. Ular faqat umid qiladi. Bu vaziyatda ishbilarmonlar ham mahallasini obod qilishni, korxonalar qurishni emas, ko‘proq pul topib, yaxshiroq joylarga ko‘chib ketishni o‘ylaydi nazarimda. Ular qachonki tizimga ishonsa, atrofini, mahallasini obod qilishni boshlaydi.
Xullas, biz Andakda ko‘rgan va eshitganlarimizning asosiy tafsilotlari bilan o‘rtoqlashdik. Maqola tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganlar uchun yaxshi g‘oya sifatida, mas’ullarga esa signal sifatida xizmat qiladi, degan umiddamiz.
Asqar Barotov,
Fazliddin Ro‘ziboyev (surat).