Payariq tuman hokimi D.Musinov: Aholi muammolariga yechim topish asosiy vazifamiz

Viloyat teleradiokompaniyasida o‘tkazilgan navbatdagi "Ochiq muloqot" ko‘rsatuvida Payariq tuman hokimi Dilshod Musinov, sektorlar hamda tashkilotlar rahbarlari aholidan tushgan 30 dan ortiq murojaatga javob berdi.

Ko‘rsatuvda dastavval, to‘rt rahbar o‘z sektori doirasida  amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berdi.  Shundan so‘ng fuqarolardan kelgan savollarga javob qaytardi.

Aholi murojaatlari asosan tabiiy gaz, suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berish, ichimlik suvi, yo‘l, uy-joy, ta’lim tizimi, davlat xizmatlari va tibbiyot sohasiga oid muammolar hamda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash kabi masalalar bilan bog‘liq bo‘ldi. Mazkur muammolar bo‘yicha murojaatlarning ayrimlariga ko‘rsatuvning o‘zida yechim topildi.

Masalan, tumanning Eshimoqsoq qishlog‘ida yashovchi Eliboy Xudoyqulovning "2018 yil qishlog‘imiz "Obod qishloq" dasturiga tushgan, biroq tugallanmay qolgan ishlar oxiriga yetkazilmagan. Ular ta’mirlanadimi, yo‘qmi?" deb yo‘llagan murojaatiga tuman hokimi D.Musinov shunday javob qaytardi:

- Mazkur muammoni joriy yilning ikkinchi choragidan kechiktirmasdan bartaraf etamiz. Qolaversa, aholiga qulaylik yaratish uchun u yerdagi boshqa kamchiliklarni ham nazoratga olib, yechimini topamiz.

Mustaqillik mahallasida yashovchi Davron Jumanovning  "Chelak  shahrida  sport  maydoni  qurilishi  rejalashtirilgan  edi, u qachon quriladi?" hamda  Bobur  mahallasida istiqomat qiluvchi Furqat Norqulov "Onam   ikki  yildan  buyon yurolmaydi, qayerdan nogironlar aravachasini olsam bo‘ladi?", deya yo‘llagan murojaatiga ham ko‘rsatuvning o‘zida ijobiy yechim topildi.

Shuningdek, D.Musinov aholini qiynab kelayotgan muammolarning barchasiga imkon qadar yechim topish va mazkur kamchiliklar uning oldida turgan asosiy vazifa ekaniga to‘xtaldi. Tuman rahbari ko‘rsatuvda o‘qilmay qolgan 40 dan ortiq murojaatlar bilan tegishli korxona va tashkilot rahbarlari yordamida shug‘ullanishini aytib o‘tdi.

Abdujabbor PO‘LATOV.