Payariq tumani hokimligi: Isoqulova uy-joyga muhtoj emas
26 yanvar kuni telegram kanalimizda "@zarafshon_bot ’ga murojaat: “Eski taxta, siniq shiferni nima qilaman?” sarlavhali murojaat e’lon qilingan edi. Undagi muammo yuzasidan Payariq tumani hokimligi axborot xizmati javob yo‘lladi.
Unda shunday deyiladi:
"Gulruh Isoqulova «Do‘stlarobod» mahallasida 10 sotixli hovlida onasi bilan yashab keladi. Uy-joyga muhtoj emas. Mahallada kam ta’minlangan fuqarolar ro‘yxatida turgani bois, doimiy tarzda moddiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.
G.Isoqulovaga tuman hokimligi va homiylar tomonidan ham bir necha bor moddiy ko‘mak berilgan. Oilaga ehtiyojidan kelib chiqqan holda bepul gaz ballon, gaz plita, tikuv mashinkasi, doimiy tarzda ishsizlik va farzandi uchun bolalar nafaqasi berib borilgan.
Tumanda 260 mingdan ziyod aholi bo‘lib, ehtiyojmand oilalarga imkoniyatdan kelib chiqib, yordam ko‘rsatib kelinmoqda. G.Isoqulova onasi bilan kelishmovchiligi sababli alohida uy qurib berishini so‘rab murojaat qilmoqda. Uning sharoiti inobatga olinib, tosh-shag‘al, sement va boshqa qurilish materiallari berilgan. Uy-joyi bo‘la turib, davlatdan yana uy qurib berishini talab qilishi hech bir mezonga to‘g‘ri kelmaydi. Bir necha marta ish taklif qilingan, lekin sog‘ligi ko‘tarmasligini bildirib, takliflarni rad etgan.
Ushbu fuqaroga bundan keyin ham imkoniyatdan kelib chiqqan holda navbati bilan yordam ko‘rsatiladi. Bu bo‘yicha bir necha bor ishchi guruh tomonidan o‘rganish olib borilib, tushuntirish berilgan".