28 xil urf-odat va xizmat: Payariqda turizm qishlog‘i qurilyapti

Payariq tumani Choshtepa mahallasida turizm qishlog‘i tashkil etilyapti. Bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari uchun 2 milliard 577 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
Mazkur qishloqqa kiraverishda “Turizm axborot markazi” binosi qad rostladi. Bu yerda sayyohlar ma’lumotlar olish va axborot almashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
- Qishloqqa ramziy darvoza orqali kiriladi, - deydi tuman turizm va sport bo‘limi bosh mutaxassisi Rasul Jabborov. – Hududda keng ko‘lamli qurilish ishlari ham amalga oshirilyapti. Eng muhimi, qishloq aholisi tadbirkorlik, chorvachilik, asalarichilik, hunarmandchilik bilan shug‘ullanadi. Shuning uchun ham sayyohlar uchun har bir xonadonda qishloq aholisining turmush tarzi bilan yaqindan tanishish, milliy taomlaridan tanovul qilish, ularni tayyorlash uchun sharoitlar yaratiladi. Masalan, bu yerga kelgan sayyoh uy-mehmonxonaga joylashtiriladi. Ular mahalliy aholi bilan xohlasa sabzi to‘g‘rab, osh damlaydi, xohlasa milliy do‘ppi, chopon tikadi.
Bundan tashqari, sayyohlarga milliy hunarmandchilik mahsulotlarini usta-huranmandlarning o‘zlari tomonidan tayyorlanish jarayonlari ham ko‘rsatiladi. Ahamiyatlisi, Choshtepada ham qadimiy Samarqand qog‘ozi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
- Ko‘p yillardan beri qo‘shni mahallada tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelaman, - deydi Dilmurod Jumabekov. – Mahallamizda turizm qishlog‘i tashkil etilayotganidan xursandman. Endi ishimni o‘zimizning hovlida davom ettiradigan bo‘ldim. 80 o‘ringa mo‘ljallangan oshxona hamda 50 o‘rinli mehmon uyi qurish ishlarini boshlab yubordim. Maqsadim - mahalliy va xorijlik sayyohlarni milliy taomlar bilan mehmon qilish, ularning maroqli dam olishlari uchun sifatli xizmat ko‘rsatish.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov (foto).