Payariqda yana bir qishloq dasturga asosan obod bo‘ladi

Hududdagi 700 ga yaqin xonadonda 4 100 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Mahallada yirik ishlab chiqarish korxonasi yo‘q. Aholi asosan, fermer xo‘jaligida mehnat qilib yoki shaxsiy tomorqasida dehqonchilik bilan shug‘ullanib, ro‘zg‘or tebratadi. Shu sababli dastur asosida hududda savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi, kichik sexlar tashkil etish belgilangan.

Tomoyrot, Jiyanbek va Cho‘michli qishloqlaridagi ekin ekiladigan tomorqa maydoni 107 gektarni tashkil qiladi. Qishloq aholisining tomorqadan samarali foydalanishini ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatishga sektor mas’ullari tomonidan ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 
Tomoyrot mahallasi tuman davlat soliq inspeksiyasi rahbari bosh bo‘lgan 4-sektor hududiga kiradi. Sektor rahbari Akmal Valiyevning aytishicha, ekin ekiladigan maydonlarning bir qarichini ham bo‘sh qoldirmaslik uchun kam ta’minlangan tomorqa yer egalariga urug‘ va ko‘chatlar homiylik yordami sifatida tarqatilmoqda. Issiqxona qurish, imtiyozli kredit mablag‘lari asosida shaxsiy tomorqa xo‘jaligini rivojlantirishga ham amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. 

Ayni paytda mahalla xonadonlarida bahorgi tomorqa yumushlari yakunlanib, ayrim oilalar dastlabki hosilni yig‘ishtirib olmoqda. Aholi uy-joyini ta’mirlash, ko‘chalarni obod etish harakatiga tushgan. O‘z navbatida, mutasaddi idoralar dasturda belgilangan vazifalarni amalga oshirishga kirishgan. Yaqin orada Tomoyrot Payariqning chinakam obod qishlog‘iga aylanadi.

F.HASANOV.