Payariqdagi uchinchi sektorda nima o‘zgardi?

Joriy yilning 8 iyul kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida joylarda kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlil etildi. Aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlik qilib daromad topishi uchun imkoniyat yaratish eng muhim vazifa ekanligi ta’kidlandi. Bu borada ayrim sektorlarda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani qayd etilib, bunga mas’ullar vazifasidan ozod etildi, ba’zilariga intizomiy choralar ko‘rildi.
Jumladan, Payariq tumanidagi uchinchi sektor rahbari, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘iga ham intizomiy chora qo‘llanilgan edi. Shundan so‘ng hududda nima o‘zgardi, sektor ishida jonlanish kuzatildimi?
– Davlatimiz rahbari tomonidan sektorimiz ishi tanqidiy qilingach, bunday xulosa chiqarib, faoliyatimizni qayta ko‘rib chiqdik, – deydi Payariq tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, uchinchi sektor rahbari Ma’ruf Shermuxamedov. – Hududidagi 18 mahallada kambag‘al oilalar, ishsiz fuqarolar ro‘yxatini yana bir bor qayta tayyorladik. Hozirda ro‘yxatga olingan kambag‘al oilalar 946 tani tashkil etmoqda. Bu oilalarda 4000 dan ortiq kishi istiqomat qilsa-da ularning 1200 nafardan ko‘prog‘i mehnatga layoqatli, lekin doimiy ish o‘rniga ega emas. Bu fuqarolarni birinchi navbatda fermer xo‘jaliklariga ishga joylashtirishga e’tibor qaratdik. Shuningdek, foydalanilmay turgan yoki kooperatsiyalarga ajratilgan yer maydonlarida dehqonchilik qilishlari uchun, bundan tashqari sektorimizdagi 85 fermer xo‘jaligining g‘alladan bo‘shagan maydonlarida takroriy ekinlar ekishi uchun 20 sotixdan, 1 gektargacha yer berildi. Bu fuqarolarga yerni ekin ekishga tayyorlash, urug‘lik xarid qilishda ham yordam berilmoqda. Har bir mahalladan kamida 10 kishini, jami 200 nafardan ortiq fuqaroni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qildik. Samarqand shahriga yaqin bo‘lgan mahallalarimizdagi ishsiz fuqarolarni shahardagi yirik qurilish ob’yektlari, ko‘p qavatli uylar qurilishiga ham jalb qilyapmiz. Qo‘lida biror hunari bor yoki tadbikorlik qilishga ishtiyoqmand kishilarga esa asbob-uskuna, kredit olishda yordam berdik.
Sektor hududidagi oilalarning 634 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lib, jumladan, ularning 20 tasida og‘ir kasallar mavjud, 6 tasida besh va undan ortiq farzand bor, 64 oila boquvchisini yo‘qotgan. Bu oilalarga bugungi pandemiya sharoitida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida oziq-ovqat mahsulotlari berigan, homiylar jalb qilinib, boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatilgan. Endilikda har bir mahalla kamida 1 gektardan yer maydonida hududdagi ana shunday oilalar uchun qishloq xo‘jalik ekinlari ekmoqda.
– Mahallamizdani 41 ta oila ehtiyojmand, kambag‘al oila sifatida sektor tomonidan “temir daftar”ga kiritilgan, – deydi “Xo‘ja Ismoil” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Farog‘at Asqarova. – Bu oilalarda 140 ga yaqin kishi yashaydi va ularning 50 dan ortig‘i mehnatga layoqatli, lekin ishsiz. Biz bu fuqarolarning 10 nafarini haq to‘lanadigan jamoat ishiga jalb qildik. Boshqa oilalarga esa mahallamizdagi fermer xo‘jaliklaridan takroriy ekin ekish uchun qariyb 20 gektar yer maydoni ajratildi. Bu yer maydonlarini ekin ekishga tayyorlash, urug‘lik olishda sektor tomonidan aholiga yordam berildi. Ammo hamma oilalar ham dehqonchilik qilolmaydi. Nogironlar, yolg‘iz onalar bor. Bunday oilalarga imkoniyatiga qarab yengilroq ish topib, daromad qilishiga sharoit yaratyapmiz. Shuningdek, o‘zimiz 1 gektar yer olib, jamoat ishiga jalb qilingan fuqarolar bilan birga qishloq xo‘jalik ekinlari ekdik. Bu mahsulotlarni ertaga qish paytida ana shu nochor oilalarga tarqatmoqchimiz.
To‘polos mahallasida qayd qilingan 52 ta ehtiyojmand oilada 263 kishi istiqomat qilar ekan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ularning 79 nafari mehnatga layotqatli bo‘lsa-da ishsiz.
– Shu yilning may oyida sektor rahbari tashabbusi bilan mahallamizga 3000 ta “Broyler” jo‘ja keltirilib, 24 kabag‘al oilaga bepul tarqatildi, – deydi “To‘polos” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Otabek Imomov. – Jo‘ja bilan birga uning ozuqasi ham berilgan edi. Bizda shu paytgacha parrandachilik bilan shug‘ulanmagani uchun odamlar jo‘ja olishga ham ikkinlandi, boqolmaymiz, o‘lib qoladi, degan xavotir ham yo‘q emasdi. Lekin astoydil harakat qilgan oilalar bu ishning uddasidan chiqdi. Hozir 300 tagacha tovuq boqayotgan oilalar paydo bo‘ldi. Tayyor bo‘lgan tovuqni xarid qiladigan tadbirkor ham topib berildi. 17 oilaga takroriy ekin ekishi uchun fermer xo‘jaligidan 50 sotixdan 1 gektargacha yer berildi. Bu oilalar ham hozir shu ish bilan shug‘ullanyapti. Lekin 12 oilamizda nogiron, mehnatga layoqatsiz kishilar bor. Ularga tegishli tartibda davlat tomonidan va homiylarni jalb qilgan holda yordam berish choralarini ko‘ryapmiz.
– Shu paytgacha turmush o‘rtog‘im, hatto o‘zim ham o‘tgan yil chetga borib ishlashga majbur bo‘lgandik – deydi To‘polos mahallasida yashovchi Odina Islomova. – Bu yil karantin sababli boshqa davlatlarga chiqishga imkoniyat bo‘lmagach, hech bir daromadsiz qoldik. Shuning uchun mahallada aholiga jo‘ja tarqatilganda, ikkilanib-ikkilanib 50 ta olgandim. O‘lib qoladi, deb qo‘rqqandim. Lekin qanday parvarishlashni o‘rgatib, ozuqasini ham berganlaridan so‘ng, bu ishga chin dildan kirishdim. Ishonasizmi, bitta ham jo‘ja o‘lmadi. 50 tasini ham o‘stirib, sotdim. Foydali ish ekan. Keyin yana 150 ta jo‘ja olib kelib, boqa boshladim. 20 kunlik bo‘lganidan keyin qo‘ni-qo‘shnilarim mendan sotib olib, boqyapti. Shu tarzda hozir jo‘jalarni 600 taga yetkazdim. Bir oyda 3 million so‘m atrofida daromad olsa bo‘lar ekan. Chetga sarson bo‘lib yurgandan ko‘ra, uyda o‘tirib ham daromad qilsa bo‘lar ekan. Mana endi yangi uy solyapmiz. Kredit olib, hovlimiz chetida tovuqxona qilmoqchimiz. Faqat yozda emas, qishda ham shu ish bilan shug‘ullanmoqchimiz.
Ma’ruf Shermuxamedov yil yakuniga qadar sektor hududidagi mahallalarda yashovchi ishsiz fuqarolarning barchasi bandligini ta’minlash, ularning zarur daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun astoydil harakat qilishini aytdi. Demak, sektor ishini kuzatishda davom etamiz.
G‘olib HASANOV, Baxtiyor MUSTANOV.