Payariqlik targ‘ibotchi birinchilikni egalladi

Samarqand shahrida viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida faoliyat ko‘rsatayotgan ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilari o‘rtasida “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha eng faol targ‘ibotchi” respublika tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand viloyati bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan tanlovda O‘zbekiston Yozuvchilar hamda Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi mas’ullari, viloyat xalq ta’limi xodimlaridan tashkil topgan hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan har bir ishtirokchining ijodiy ishlari, qobiliyati baholab borildi.

Tanlov nizomiga ko‘ra, targ‘ibotchilarning faoliyati aks etgan maqola, chop etilgan kitoblari, o‘z maktabida tashkil etib kelayotgan to‘garak va klub natijalari hamda qatnashgan ijodiy tanlov va loyihalari hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.

Yakuniy natijaga ko‘ra, Payariq tumanidagi 79-maktabning targ‘ibotchisi Tozagul Jumanova birinchi o‘rinni egalladi va tanlovning respublika bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Jomboy tumanidagi 34-maktab targ‘ibotchisi Shahlo Qo‘ziyeva hamda Bulung‘ur tumanidagi 30-maktab targ‘ibotchisi Sanjar Toshbekov ikkinchi o‘rinni band qildi.

Samarqand shahridagi 10-maktab targ‘ibotchisi Faridun Yo‘ldoshev hamda Ishtixon tumanidagi 48-maktab targ‘ibotchisi Mavluda Ro‘ziyeva uchinchi o‘ringa munosib deb topildi.

Tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilarga sovg‘alar, diplom hamda kitoblar to‘plami taqdim etildi.

Nodir QUDRATOV.