Payariqliklar hayotida o‘zgarishlar bo‘ladimi?

Keyingi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida har bir tuman-shaharga o‘z iqtisodiy imkoniyatlarini oshirish hisobiga hududda katta o‘zgarishlarni bajarish huquqi berildi. Bu borada Payariq tumani hokimligi qanday ishlarni amalga oshirmoqda va qanday rejalari bor? Shular haqida bilish uchun tuman hokimi Zafar Ergashev bilan suhbatlashdik.

- Zafar Avazovich, Siz tumanni bir qator ijtimoiy-iqtisodiy muammolar bilan qabul qilib oldingiz. Masalan, hududdagi ko‘p qavatli uylarda issiqlik ta’minoti talab darajasida emas, shuningdek, transport qatnovi ham tizimli yo‘lga qo‘yilmagan.

Aytingchi, bu masalalarni hal qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilanganmi?  

- Siz aytgan muammolar, ishlar, kelajakdagi rejalar, iqtisodiy loyihalar ustidan tegishli o‘rinbosarlar va mutaxassislar bilan birgalikda ish olib boryapmiz. Albatta, biror tumanga birinchi rahbar etib tayinlanish bu juda katta mas’uliyat sanaladi. Chunki har bir fuqaro, har bir qishloq, har bir mahallaning o‘z muammolari bo‘lgani singari tumanning ham ko‘p yillardan beri to‘planib qolgan ishlari bor. Masalan, sanoat, bozorbop mahsulotlarni ko‘paytirib, bozorda o‘z o‘rniga ega korxonalar safini kengaytirish, tadbirkorlikning turli sohalarini rivojlantirish, odamlarni ishli qilish, mahallalarda uyma-uy yurib, odamlarning yashash sharoitlarini o‘rganish, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’lim sohasida davlatimiz rahbari ilgari surayotgan tashabbuslar ijrosini tashkil qilish, bularning barchasi kelajakda Pay­ariq tumanini ham viloyatda oldinga olib chiquvchi ishlar, deb hisoblayman. Yaqinda bo‘lib o‘tgan tuman Kengashi sessiyasida ham biz bu borada murojaatimizda bayon etdik.

Chelak va Payariq shaharchalarida bundan 40-50 yil oldin qurilgan ikki qavatli uylarda yashovchilar hali bizning ishimizdan to‘laqonli rozi emas. Bu uylarda kanalizatsiya, issiqlik tizimi, toza ichimlik suvi bo‘yicha uzoq yillardan buyon yechimini kutayotgan muammolar turibdi. Hozirda uy-joy, kommunal xo‘jaligi, tuman gaz, elektr tarmoqlari korxonalari rahbarlari bilan bu uylarning issiqlik tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olganmiz.

Tumanimizda ham boshqa hududlardagi kabi fuqarolarning shaxsiy avtomobillari ko‘p bo‘lsa-da, jamoat transporti sohasida qiladigan ishlarimiz talay. Jumladan, avtobus­lar qatnovi bilan maqtanolmaymiz. Chunki bu borada “Ottava Kan” va bosh­qa korxonalar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, muammolar bor. Bu ham oldimizda turgan katta masalalardan va biz unga kompleks yechim topishga mas’ulmiz.

- Tuman iqtisodiyotida ham aytarli o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Hatto yoshlar sanoat zonasida mana ikkinchi yildirki, biron loyiha ish boshlamadi...

- To‘g‘ri, tuman iqtisodiyoti qator yillar paxta siyosatiga tayanib qolganligi, sanoat, investitsiya kiritish, yangi korxonalar bunyod etish, odamlarni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikka deyarli e’tibor qaratilmaganini yaxshi bilasiz. Ko‘p yillar bittagina paxta zavodiga ega bo‘lgan tumanda birdaniga yigirma-o‘ttiztalab zavod, fabrikalarni ishga tushirib yuboramiz, deyishdan yiroqman. Lekin rejalarimiz bor va biz bu borada ishlarni boshlaganmiz.

Umuman, so‘nggi yillarda tuman iqtisodiyot tarmoqlarida barqaror o‘sish kuzatilmoqda. Xususan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi oxirgi to‘rt yilda 114,7 milliard so‘mga oshdi. Joriy yil yakuni bilan 419,2 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Xizmat ko‘rsatish hajmi oxirgi to‘rt yilda 226 milliard so‘mga oshib, o‘sish 211,9 foizni tashkil qilgan. 2020 yilda 428 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan bo‘lib, viloyatdagi ulushi 3 foizni tashkil qilgan. Yil yakuni bilan xizmat ko‘rsatish hajmi 686,7 milliard so‘mga yetkazilib, 16,4 foiz o‘sish ta’minlandi.

Keyingi to‘rt yilda eksport haj­mi yillik 1,2 million dollardan 10 million dollarga oshdi. Tuman eksportining viloyatdagi ulushi 2017 yilda 0,49 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 2,7 foizga yetgan.

- Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga hukumat tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasi qanday bo‘lmoqda?

- Tumanda 2022 yilda 5 ta loyi­ha doirasida umumiy qiymati 9,9 million dollarlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish va 270 ta yangi ish o‘rni yaratish belgilangan. Shu bilan birga, qo‘shimcha investitsion loyihalar shakllantirilib potensial investorlar bilan ishlar olib borilmoqda.

2021 yilning yanvar-dekabr oylarida tumandagi korxonalar tomonidan 10 million dollar miqdorida sanoat va qishloq xo‘jalik maxsulotlari eksport qilindi.

2021 yilning yanvar-oktyabr oylarida tumanda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida umumiy qiymati 171,2 milliard so‘mlik 91 ta loyiha amalga oshirilishi hisobiga 3 735 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

2020 yilda Xalqobod mahallasi hududidan 18,6 gektar yer maydonida kichik sanoat zonasi tashkil etilgan. Ayni paytda loyihalarni joylashtirish ishlari olib borilmoqda.

Qo‘shimcha ravishda shuni aytib o‘tmoqchimanki, sanoat zonasiga chegaradosh hududda “Yoshlar tadbirkorlik va sanoat zonasi” tashkil etish bo‘yicha taklif berilgan. Bu yerda qulay imtiyozlar asosida yigit-qizlarimizning sanoat loyihalari joylashtiriladi. 

- Ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlardan anglash mumkinki, tumanda kommunal sohada hamon og‘ir muammolar saqlanib qolmoqda. Misol uchun, elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilyapti, hududning aksariyat mahallalari markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan, tabiiy gaz masalasida ham muammolar bor. Sohada xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash uchun tuman hokimligi qanday chora ko‘ryapti?

- Aslida, odamlarni rozi qilishning eng muhim vositalaridan biri kommunal sohani tartibga olish, sohadagi o‘zibo‘larchiliklarga barham berish, deb bilaman. Negaki, birgina elektr ta’minotidagi qisqa muddatli uzilish qancha odamlarning hafsalasini pir qiladi, tadbirkorning ishlab chiqarish liniyasi yoki dastgohi ishlamaydi, bu esa tuman iqtisodiyotini yana orqaga tortadi. 

Masalan, simyog‘ochlarning aksariyati eskirgan, ma’nan yaroqsiz ahvolga kelib qolgan, transformatorlar kuchsizlangan, iste’molchi ko‘p. Bu muammolarni bartaraf etish yuzasidan qiladigan ishlarimiz bor. Jumladan, bir tadbirkorimiz simyog‘ochlar ishlab chiqarishni rejalashtiryapti. Bu ish amalga oshsa, anchagina muammolarimiz hal bo‘ladi.

Ichimlik suvi katta muammolarimizdan biri. Biz bu borada qancha mablag‘ va mehnat talab qilinishini hisoblab chiqqanmiz. Kelgusi yil das­turlarida tizimda birmuncha ijobiy o‘zgarishlar qiladigan loyihalar belgilab olingan.

Aytmoqchi bo‘lganim, kommunal sohadagi muammolarni hal etmay ko‘p narsaga erisholmaymiz. Shuning uchun bu borada jiddiy ish olib borib, tuman aholisining roziligiga erishishni birinchi darajali vazifamiz, deb bilaman.

- Payariqda hokim sifatida ish boshlaganingizga ham besh oy bo‘lib qoldi. Dastlabki taassurot va xulosalaringiz qanday?

- Kelgan kunimdan boshlab shu tumanning ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatini o‘rganish, xulosalar chiqarish, odamlarni ishli qilish uchun qanday choralar ko‘rish, sohalarni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda nimalarga e’tibor qaratish, qishloq xo‘jaligi, sanoat, xizmat ko‘rsatish va boshqa shu kabi sohalarda  tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishga kirishdim.

Tuman aholisi hayoti farovon bo‘lishi, tadbirkorlikni rivojlantirish, ishlab chiqarish sohalarini kengaytirish, ish o‘rinlari ko‘payishiga hissa qo‘shish, odamlarni rozi qilish nafaqat vazifam, shu bilan birga burchim deb bilaman. Eng avvalo, javobgarligimizni his etmas ekanmiz, yuzimizni yorug‘ qiladigan ishlarni boshlash va odamlar manfaatiga taalluqli vazifalarni uddalashning o‘zi bo‘lmaydi.

Islohotlarning borishi, yangiliklarning joriy etilishi, har bir mahallada yangi ish o‘rinlari ko‘paytirilishi, odamlarni tadbirkorlikka o‘rgatish, har bir ishni vijdonan, xalq va davlat kelajagi uchun qilish borasida tumanimiz ahli oldida qarzdormiz. 

Yoqubjon Marqayev suhbatlashdi.