Pensiya puli

Ona kichik o‘g‘il bilan yashaydi. Kelini ham o‘g‘liga o‘xshagan o‘qituvchi - ikkisi ertayu kech maktabda. Xayriyatki, nevaralar bor, zeriktirishmaydi. Lekin ular ham ulg‘ayib qolishdi, o‘qishda - ko‘chadan beri kelishmaydi. Kunduzlari kampir hovlida yolg‘iz qoladi. Tezroq oy oxirlashini kutadi. Chunki uchirma bo‘lib ketgan farzandlari uni ko‘rishga kelishadi.

- Nafaqa olganingizni eshitib kelishadi ular, - deydi kenjasi achchiqlanib. - Bir tiyin bermang ularga. O‘zingizga ishlating.

- Men nimamga ham ishlataman, o‘g‘lim, - ona o‘g‘lining asabiylashganidan bezovtalanadi. Muallimlikdan orttirgani - qon bosimining ko‘tarilishidan o‘g‘li azob chekishini istamaydi.

- Davlatga ham besh ketmadim-da, - o‘g‘il onasiga achinib tikilarkan, uning anchadan buyon qo‘li qaltirash dardiga yo‘liqqani diqqatini tortadi. - Farroshlik eng og‘ir kasb. O‘ttiz yil maktabni toza-ozoda tutgansiz. Tayinlagan nafaqasi bir bozorlikka yetmaydi.

Ona javob bermaydi, to‘g‘risi, nima deb javob berishni bilmaydi. Kelini, nevaralariga o‘xshab o‘g‘li ham tezroq ko‘chaga chiqib ketishini istaydi. Go‘yo hozir farzandlaridan biri kirib keladi-yu, kenjasi bilan janjallashib qoladigandek.

Xayriyat, o‘g‘li joyidan qo‘zg‘aldi. Ona ham o‘rnidan turdi. O‘g‘lini ishga kuzatishga o‘rganib qolgan.

- Kuzatmang, oyi, bola emasman-ku, - kenjasi e’tiroz bildirib, bir dam to‘xtadi. - Opam kelsa kerak. Nafaqangizni men olganimni ayting.

Kenjasi aytgandek, opasi emas, tushga yaqin uning singlisi - qo‘shni qishloqqa tushgan kichik qizi keldi. Qo‘lida go‘dagi, ko‘krakdan sut ichmaskan. Ikki bor shishaga ovqatini tayyorlab, bolasini tinchlantirdi. Baribir injiqligini qo‘ymadi. Zumrashaning tunda uyqu bermaganidan nolib, qizi ketishga chog‘landi. Onasining hech narsa ilinmagani ajablantirdi uni. Kuzatishga chog‘langan ona keyinchalik qizini ko‘rishga borganida ataganini bermoqchi edi. Lekin qizi bolasi uchun oladigan ovqat juda qimmat ekanidan gap ochgandi, fikri o‘zgardi, tayyorlab qo‘ygan pulini uzataqoldi. Qizi har gal iymanardi, bu safar gina qilgandek bo‘lib, pulni oldi.

Katta qizi ertasi kuni keldi. Kelmoqchi emas ekan, ukasi "Onamni ko‘rishga emas, nafaqasini olishga borasizlar", deb gap qilibdi. Achchiqlangani shundan ekan. Ukasini oqibatsizlikda ayblab, ancha ko‘zyosh to‘kdi. Keyin kampir uzatgan pulni malol bilan olib, o‘rnidan turdi.

Tushga yaqin onadan xabar olgani to‘ng‘ich o‘g‘il keldi. Tadbirkorlik og‘irlashib borayotganidan nolidi. Ukasiga havasi kelishi, davlat o‘qituvchilarga katta maosh to‘lashi haqida gapirdi. Onasining nafaqasiga ko‘z olaytirganini tanqid qilib, ukasini qurumsoqlikda aybladi. Mashinasi yoqilg‘isiga pul olish yodidan ko‘tarilganini aytib, onasining barcha pulini qo‘lga kiritarkan, ketishga shoshildi…

Barcha farzandlari sog‘-salomatligidan xotirjam ona xonasi eshigini ochib, salom berib kirgan o‘spirin nevarasiga qaradi.

- Buvi, dadam hali oylik olmabdi. Bir kilo go‘shtga pul berib turarkansiz.

Puli yo‘qligidan emas, bir dam oldingi xotirjamlik o‘rniga ko‘nglida uyg‘ongan xavotirdan kampirning tiliga gap kelmadi.

Xurshid NURULLAYeV.