Pensiyani hisob-kitob qilishda bazaviy miqdor oshirilishi mumkin
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda qo‘mita a’zolari “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasini dastlabki tarzda muhokama qilishdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi”ning 223-bandiga asosan ishlab chiqilgan.
Qonun loyihasi bilan pensiyani hisob-kitob qilish uchun o‘rtacha ish haqining maksimal miqdorini pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 10 barobaridan 12 barobarigacha oshirish nazarda tutilmoqda.
Taklif etilayotgan ushbu tartib pensionerlarning daromadi va farovonligini oshirish, pensiyalar miqdori bilan ish haqi o‘rtasidagi tafovutni kamaytirish, pensiya oluvchi fuqarolarning moddiy farovonligini yanada oshirish, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Savol-javoblarga boy bo‘lgan yig‘ilishda qo‘mita a’zolari tomonidan qonun loyihasi dastlabki tarzda ma’qullanib, Qonunchilik palatasi Kengashining navbatdagi majlisi muhokamasiga kiritishga kelishildi.