Pillachilik – soyada qolayotgan daromadli soha. Uni tiklashning imkoni bormi?

Ko‘p yillar ipakchilikka yetarlicha e’tibor qaratilmagani hech kimga sir emas. Natijada, ipak qurti boqishga ishtiyoq pasaydi, majburiyatlar qog‘ozda bajarilgan holatlar ham bo‘ldi.

Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan bugun sohaga e’tibor kuchaydi. Ipak qurti boquvchilar uchun rag‘batlar joriy etildi, bu ish bilan shug‘ullanganlar uchun ish staji hisoblanadigan bo‘ldi. Ipak qurti xomashyosi bo‘lgan tut daraxti ekilishiga ham alohida yondoshilmoqda.

Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, 2018 yilda viloyatimizda 1 million 800 ming dollarlik pilla eksport qilingan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 20 million dollarga yetgan. 2018-2022 yillarda viloyatda pilla yetishtirish hajmi 1,2 ming tonnaga, aholi bandligi esa 81,4 ming nafarga hamda eksport hajmi 17,2 million dollarga oshgan. Klaster korxonalarida ishlab chiqarish kengaytirildi, sohaga zamonaviy texnologiyalar joriy etildi.

Masalan, Past Darg‘om tumanidagi “Elbek TRJ” pillachilik klasteri mas’uliyati cheklangan jamiyati Xitoydan zamonaviy uskunalar keltirib, ipak momig‘i tayyorlashni yo‘lga qo‘ydi. Natijada Past Darg‘om, Nurobod va Samarqand tumanlarida yetishtirilgan pilla xomashyosini qabul qilish, qayta ishlash va eksport qilish imkoniyati yaratildi.

Pillachilik sohasi ancha rivojlangan Xitoyda yiliga 4 marotaba ipak qurti boqiladi va qayta ishlovchi korxonalarga doimiy xomashyosi bo‘ladi. Tutning yirik bargli va plantatsiya shaklida doimiy o‘suvchi navlari yaratilgan. Xitoyda namlik yuqori bo‘lgani uchun tut bargi doimiy ravishda yumshoq holda bo‘ladi. Shu texnologiyani bizda ham qo‘llab, yiliga to‘rt martagacha ipak qurti boqish harakatlari ham boshlangandi. Buning uchun tut urug‘lari keltirib sinov tariqasida yetishtirish yo‘lga qo‘yildi, biroq yurtimiz iqlimi issiq va quruq bo‘lgani bois tut barglari tezda qotib qolishi hisobiga asosan bahor va kuz fasllarida ipak qurti boqilmoqda.

2024 yilda viloyatda 60,3 ming quti ipak qurti boqilib, 3914 tonna pilla xomashyosi tayyorlandi. Sohada 66 ming nafar aholining bandligi ta’minlandi, 11 ta qayta ishlovchi korxonada 246 milliard so‘mlik ipak mahsulotlari ishlab chiqarildi. 20 million dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirildi.

Bu yil viloyatimiz pillakorlari 64,6 ming quti ipak qurti boqib, salkam 4 ming tonna pilla xomashyosi tayyorlashni rejalashtirgan. Bu ishga viloyatimizda 45244 nafar xotin-qiz jalb etilgan. Tayyorlangan pilla xomashyosini 8 ta pilla klasterlari qayta ishlab, eksportga yo‘naltirishi ko‘zda tutilgan.

***

Statistik raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, viloyatimizda 2021 yil bahor mavsumida 51862 quti ipak qurti boqilib, 2952,2 tonna xomashyo olingan va o‘rtacha mahsuldorlik har qutidan 56 kilogrammni tashkil etgan.

2022 yil bahorda 54518 quti ipak qurti boqilib, 3122,6 kilogramm xomashyo olinib, har qutidan o‘rtacha 57,3 kilogramm, 2023 yil bahor mavsumida boqilgan 57329 quti ipak qurtidan 3341,7 tonna hosil va har qutidan o‘rtacha 58,3 kilogramm xomashyo olingan.

2024 yil bahorda 60302 quti pilla boqilib, 3914 tonna xomashyo va har qutidan o‘rtacha 64,9 kilogramm ho‘l pilla olingan.

Joriy yil bahor mavsumida viloyatdagi sakkizta pillani qayta ishlovchi korxona tomonidan 64634 quti ipak qurti tarqatilib, undan 3878 kilogrammdan ortiq xomashyo olinishi kutilmoqda.     

***

Shu o‘rinda raqamlarga oydinlik kiritsak. Pillachilik, umuman, qishloq xo‘jaligi tarmog‘i eng ko‘p ishchi kuchi talab etiladigan soha. Yuqorida aytganimdek, birgina pillachilik sohasiga 2024 yilda 66 ming nafar xotin-qiz jalb etilgan, joriy yilda esa ular soni 45,2 ming nafarga, ya’ni deyarli 21 ming ish o‘rniga qisqargan. Nega? Bu savolga aniq javob olishning imkoni bo‘lmadi, balki o‘tgan yili har bir pilla boquvchi bir qutidan ipak qurti parvarishlagan bo‘lsa, bu yil ularning tajribasi oshib, 1,5-2 qutidan boqayotgandir. Lekin bu raqamlarga ham qanchalik ishonish mumkinligi ochiq savolligicha qoldi.

Ipak mahsulotlarimizga AQShda ham talab yuqori

Pillachilik sohasi oqsab qolgan paytlar 1999 yilda Kattaqo‘rg‘on tumanida tayyorlangan pilla xomashyosini qayta ishlash bilan faoliyat boshlagan “Kumush tola” xususiy korxonasi bugun 200 nafar doimiy va 5 ming nafar mavsumiy ishchi bilan yiliga 200 tonna quruq pillani qayta ishlamoqda.

- Joriy yilda Kattaqo‘rg‘on va Toyloq tumanidagi fermer xo‘jaliklari bilan 550 tonna ho‘l pilla yetishtirish borasida shartnomalar imzolaganmiz, - deydi xususiy korxona rahbari Maryam Niyazova. – Pilla boquvchilarga har bir quti uchun 300 ming so‘mdan bo‘nak pullari tarqatildi, tayyorlangan xomashyo uchun kilogramiga 40 ming so‘mdan haq to‘lash belgilandi. Korxonamizda Xitoy va Koreya uskunalari yordamida ho‘l pilla quruqqa aylantiriladi va ipak yigirish, xom ipakdan pishitilgan ipak olish jarayonlari o‘tkaziladi. To‘quv uskunalari yordamida ipakli mato-gazlama olinadi. Hozirda ipakli gazlamadan sharf, ko‘rpa-yostiq kabi 10 ga yaqin mahsulot tayyorlayapmiz. Mahsulotimizni ichki bozorga yo‘naltiramiz, ko‘proq sayyohlar xarid qilishadi, yana mahsulotning bir qismini AQShga eksport qildik.

Pillachilik nega xorijdan keltiriladigan urug‘ga qaram bo‘lib qoldi?

Endi biroz yaqin o‘tmishga qaytib Samarqandda pillachilik tarixi, rivojlanishi va faoliyatiga nazar tashlasak. Yaqin yillargacha Samarqandda uchta yirik pillachilik seleksiya markazi, urug‘chilik tayyorlash korxonasi faoliyat yuritgan va u yerda olimlar pillaning yangi navlarini yaratgan, laboratoriya tekshiruvlarini o‘tkazgan bo‘lsa, hozirda ulardan faqat bittasi zo‘rg‘a ishlab turibdi. Sohaga xususiy sektorni jalb qilish asnosida bunday markazlar tugatilib, xorijdan keltiriladigan pilla urug‘iga qaram holiga kelib qolganmiz. Birgina “Samarqand pilla urug‘chilik” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘z vaqtida “Ipakchi-1”, “Sitrogibrid”, “Ipakchi-2”, “Elita” kabi navlardan yiliga 30-40 ming quti ipak qurti urug‘i tayyorlagan bo‘lsa, hozir bu yerda bor-yo‘g‘i 1000 quti ipak qurti tayyorlanadi. O‘sha paytdagi 9 ta yordamchi xo‘jalikdan hozirda atiga 4 ta qolgan, xolos. Kuniga 300 dan ortiq mavsumiy ishchining qo‘l mehnati yordamida pilla urug‘i tayyorlagan korxona bugun talabning kamligi va mablag‘ yetishmovchiligi tufayli bir nechtagina mavsumiy ishchini zo‘rg‘a yollay olish holiga kelgan. Sun’iy ravishda yaratilgan urug‘ tanqisligi tufayli birgina Samarqand viloyatining o‘ziga Xitoydan bahor mavsumi uchun 55-60 ming quti ipak qurti valyuta hisobiga olib kelib, boqiladi. Mutaxassislarning fikricha, xorijdan, ya’ni Xitoydan keltirilgan pillaning bir donasi 1,3 grammni, mahalliy pillaning bir donasi 1,8 grammni tashkil etadi. Xorijiy navdagi pilla tolasi biroz ingichka bo‘lsa, o‘zimizning pilla tolasi nisbatan yo‘g‘onroq bo‘ladi. Lekin keyingi yillarda asosan Xitoy pillasi boqilayotgani uchun uskunalar ham xorij navini qayta ishlashga moslashtirilgan, ayrim korxonalar Xitoydan shu kabi uskunalar xarid qilishgan. Aslida xorijdan biror tovar import qilinayotganda o‘zimiznikidan arzon, sifatli va har tomonlama yaxshi bo‘lishi lozim. Lekin bu sohada xorijiy navdagi pilla yaxshi bo‘lgani uchun emas, o‘zimizda tayyorlangan pilla urug‘i yetmaganligi, vaqtida bu sohaga yetarlicha e’tibor berilmagani, sohani davlat nazoratidan chiqarib, xususiy sektorga o‘tkazganimiz tufayli bugun shunday vaziyat paydo bo‘ldi. Agar turli sabablarga ko‘ra, Xitoy pilla urug‘i kelmay qolsa pillachilik tarmog‘ida katta muammo yuzaga keladi. Shuning uchun bu sohani davlat nazoratiga qaytarib, mahalliy urug‘ tayyorlashni ko‘paytirish kerak.        

Aslida, dunyo bozorida ipak mahsulotiga talab yuqori va bunday tovarlarning xaridori ham talay. Pillachilikni rivojlantirish uchun amalga oshirilgan islohotlar, xorijdan keltirilgan ipak qurti va tut navlari, jahon andozasiga mos sifatli tola tayyorlashga harakat qilayotgan ekanmiz shunga mos mahsulot ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘yish zarur. Endigi loyihalarimiz mahsulot turini ko‘paytirish, xorij bozorlariga eksportni kengaytirish yo‘lida izlanishlar olib borilishiga qaratilishi lozim.

O‘ktam Xudoyberdiyev.