Pinhona ish
Uzzukun ishdaman. Yakshanbani aytmaganda, deyarli har kun ish. Shu kuni ham hordiq chiqarishning iloji bo‘lmaydi. Shuning uchun biror joyga borishning evini topish ham amrimahol.
Ikki eshik narida yashaydigan qo‘shnim xastalanib, kasalxonaga tushib qoldi. Ko‘zga yaqin odam. Ba’zan ishimiz tushib turadi. Hol so‘rab bormasam uyat bo‘lar deb oldiga o‘tishni ko‘ngilga tuggandim. «Erta boraman-indin boraman», deb necha kunni sovurib yuborganimni sezmay qolibman. Qo‘shnim tuzalib chiqdi. Uyiga qaytdi. Ana endi men xijolatda qoldim. Qo‘shnim kelgan kunning ertasiga xotinimga osh damlashni buyurdim. Ishdan sal erta kelib, o‘tishni niyat qilgandim. Buni qarang, shu kuni kechga yaqin boshlig‘imiz ishxonadagi hamma xodimlarni yig‘ib, majlis o‘tkazsa bo‘ladimi? Orada xotinim ikki-uch bor qo‘ng‘iroq qilib, osh pishib, lanj bo‘layotganini aytdi. Bir soatga mo‘ljallangan majlis naq ikki soat davom etdi. Rosa asabiylashdim. Uyga kelganimda soat sakkizga yaqinlashgandi. Bu payt birovning uyiga borish ham malol keladi. Shu bahona bilan qo‘shnimning uyiga o‘ta olmadim.
Qolgan kunlari ham ish kechga qadar cho‘zilib ketaverdi. Mo‘ljalda birgina yakshanba qolgandi. Orada moyani oldim. Bozorlikni quyuq qilib, dam olish kuni kunduzi o‘tishni reja qildim.
Yakshanba kuni erta uyg‘onib, bozorga borib keldim. Uyda ham sabzavotlar, meva-cheva, go‘sht qolmagan ekan. Ikki yelimxaltani to‘ldirib keldim. Xotinim do‘lma pishirishga taraddudlandi. Ovqat pishgach, chiroyli qilib tovoqqa suzdi. Ustiga ikkita nonni bostirib, yana bir xaltachada meva-cheva olib, shu paytgacha xabar olishga vaqt topolmaganim - qo‘shnimning uyiga kirib bordim. Baxtimga uyda ekan.
- Uzr, aka, hech mavridini topolmadim, -dedim salom-alikdan so‘ng. Bir pas o‘tib, xotini kirib keldi. Oldimga dasturxon yozib, ustini noz-ne’matu shirinliklar bilan to‘ldirib tashladi.
Qo‘shnim bilan u yoq-bu yoqdan gaplashib, yarim soat vaqtni o‘tkazdim. Ishim borligini aytib, o‘rnimdan qo‘zg‘aldim. U meni eshikkacha kuzatib qo‘ydi. Darvoza oldiga yaqinlashganda esa shunday dedi:
- Kelganingiz uchun rahmat, qo‘shni. Vaqtida bormaganingiz uchun hech xijolat bo‘lmang. Vaqti bemalol bo‘la turib, bir xabar olishga yaramagan qarindoshlardan o‘pka-gina qilsam bo‘ladi. Undan keyin, baraka topsin, kelin (u xotinimni nazarda tutdi), uch kun avval bir tovoq osh ko‘tarib kelgandi.
Men ishxonada majlis bo‘lgan kunni esladim. Xotinimning menga ikki-uch bor qo‘ng‘iroq qilganini ham. Ammo bu haqida u lom-mim demagandi.
Yaxshi ishlarni pinhona qiladiganlarga havasim keldi shu tob.
Umid ALI.