Pirotexnikaning narxi ham, oqibati ham «qimmat»
Viloyat transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimlari tomonidan joylarda «Xavfsiz hudud - dolzarb 50 kunlik» profilaktik tadbiri o‘tkazilmoqda.
Boshqarmaning katta tezkor vakili, kapitan. A.Abdualimovning aytishicha, tadbir doirasida olib borilayotgan nazorat vaqtida Samarqand temir yo‘l vokzalining avtoturargohidagi haydovchilardan biri shubhali ko‘ringan.
- Uning avtomashinasi ko‘zdan kechirilganda, gumon o‘z isbotini topdi, - deydi tezkor vakil. - Gap shundaki, fuqaro avtotransportining yuk saqlash joyida 2 quti, jami 72 dona "25 Palmeras" nomli hamda 1 quti (yetti dona) “Robin Gud” nomli pirotexnika vositalarini yashirayotgan ekan. Tezkor surishtiruv davomida fuqaro N.V. ushbu vositalarni telegram ijtimoiy tarmog‘idagi guruh orqali olgani ma’lum bo‘ldi. Xususan, u "25 Palmeras" nomli pirotexnika vositasining har bir qutisini 950 ming so‘mdan, “Robin Gud”ni esa 135 ming so‘mga xarid qilgan.
Qimmatga tushgan fuqaro endi qonun oldida ham javob beradi.