Piyoz narxi nega oshdi? Bunga sovuq sababmi yoki mahsulot tanqisligi?

Shu kunlarda bozorlarimizda qishloq xo‘jalik mahsulotlari, ayniqsa piyozning narxi keskin oshib ketdi. Aksariyat bozor va do‘konlarda piyozning har kilogrami 7-8 ming so‘mdan sotilyapti. Kimdir narx oshishiga anomal sovuqni sabab qilib ko‘rsatsa, boshqalar mahsulotning kamligi, amalda yetarlicha zaxira yaratilmasdan faqat qog‘ozlarda hisobot uchun qilinganligini aytishmoqda.

Xo‘sh, bugun Samarqandda piyoz mahsulotining zaxirasi qanday?

Viloyat bozorlar va savdo komplekslari uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatdagi dehqon bozorlari tomonidan 1023 tonna piyoz zaxiraga jamg‘arilgan va narx-navo oshib ketishining oldini olish uchun mahsulot yanvar-may oylarida savdoga chiqarish uchun mo‘ljallangan. 

Hozirda viloyatda 4 million 118 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Har kishiga yil davomida 34 kilogrammdan piyoz iste’mol normasi bo‘yicha qaraydigan bo‘lsak, viloyat aholisi ehtiyojini qoplash uchun bir yilda 140 ming tonnadan ziyod, uch oyga esa 35 ming tonnadan ortiq piyoz mahsuloti talab etiladi.  Hozir viloyatimizdagi omborxonalarda 11 400 tonnaga yaqin piyoz saqlanmoqda va aholi ixtiyorida yana 26 400 tonnaga yaqin mahsulot mavjud.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, yana 2732 tonna mahsulot yetishmaydi. Yetishmaydigan mahsulotni xorijiy davlatlardan import qilish hisobiga qoplash rejalashtirilgan. Ammo viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish boshqarmasidan piyozni qaysi davlatdan, kimlar import qilishi bo‘yicha birorta ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘.Xudoyberdiyev.