O‘zbekistonda yetarlicha piyoz zaxirasi mavjudligi ma’lum qilindi
- 20.01.2023 19:40
- 92
- O‘zbekiston
Qishloq xo‘jaligi vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, hozirgi kunda mamlakatimizda nafaqat piyozning, balki barcha asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining zaxirasi mavjud va o‘rnatilgan tartibda saqlanmoqda.
2022 yilda respublika bo‘yicha barcha toifa xo‘jaliklarida 91,1 ming gektar maydonga piyoz ekilib, 1,9 mln. tonna, shundan avgust-sentyabr oylarida 665 ming tonna kuzgi hosil yetishtirildi.
Yetishtirilgan piyoz hosilining 1,2 mln. tonnasi aholi iste’moliga, 203 ming tonna eksportga, 93,2 ming tonna zaxiraga, 210 ming tonna umumiy ovqatlanish va qayta ishlash korxonalariga yo‘naltirilgan.
"Bugungi kunda, joylardagi zaxira qilingan piyoz mahsuloti bo‘yicha holat o‘rganildi. Jumladan, hududlarda zaxira miqdori 87 ming tonna va aholi xonadonlarida 232 ming tonna, jami 319 ming tonna piyoz mahsuloti borligi viloyatlar tomonidan tasdiqlanmoqda", deyiladi xabarda.