O‘zbekistonda ertagi piyoz hosili sezilarli darajada kechikishi va kutilganidan past bo‘lishi mumkin
Yanvar oyidagi ob-havo anomaliyalarining Markaziy Osiyo piyoz bozori uchun oqibatlari o‘tgan yilgi hosil zaxiralarining bir qismini boy berilishi, keyinroq narxlar keskin ko‘tarilishi va mintaqaning deyarli barcha mamlakatlaridan ushbu mahsulot eksportining vaqtinchalik to‘xtatilishi bilan cheklanib qolmadi.
EastFruit mutaxassislarining qayd etishicha, anomal sovuqlarning qishki ertagi piyoz hosiliga salbiy ta’siri kutilgan holat edi.
Piyoz yetishtiruvchi fermerlar va soha mutaxassislarining fikriga ko‘ra, joriy yilning birinchi oyida kuzatilgan anomal past harorat yangi hosil – ertagi piyozning pishib yetilish davriga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda 2022 yilning avgust-sentyabr oylarida qishki piyoz ekiladigan maydonlar sezilarli darajada kengayganiga qaramay, 2023 yil bahorida ushbu mahsulotning mamlakat ichki bozoriga yetkazib beriladigan hajmini prognoz qilish qiyin, chunki hosildorlik (gektaridan olinadigan hosil) o‘tgan yilga nisbatan past bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonda “avgust piyozi”ning ekin-tikin ishlari avgust-sentyabr oylarida amalga oshiriladi. Odatda, jiddiy ob-havo anomaliyalari bo‘lmasa, ushbu ertagi piyoz hosilini yig‘ish mavsumi viloyatlarga qarab, kelgusi yilning mart oyini uchinchi o‘n kunligi - aprel oyining birinchi o‘n kunligida boshlanadi. Ammo 2022/2023 yilgi mavsumda yanvar oyidagi anomal sovuq ertagi piyozning pishib yetilish muddatiga o‘zgarishlar kiritdi.
Fermerlarning so‘zlariga ko‘ra, yanvar sovuqlari avgust piyozining barglarini butunlay nobud qilgan. Yangi barglar unib chiqishi va ularning rivojlanishi uchun yana vaqt kerak bo‘ladi va bu, o‘z navbatida, piyozning pishib yetilish muddatini taxminan 10-15 kunga kechiktiradi. Tabiiyki, 2023 yilning bahorida ertagi piyoz hosilining yig‘im-terimi boshlanishi ham shu muddatga kechikadi.
«VESAGRO» MChJ konsalting kompaniyasi rahbari O‘rmonali Usmonovning fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda 2022 yilning avgust-sentyabr oylarida qishki piyoz ekilgan maydonlar 2021 yilning shu davriga nisbatan qariyb uchdan bir hissaga kengaydi. Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil avgust-sentyabr oylarida Tojikiston va Qirg‘izistonning O‘zbekiston bilan chegaradosh hududlarida ham qishki piyoz ekilgan maydonlar taxminan uchdan bir hissaga kengaygan. Biroq, qishki ertagi piyoz ekilgan maydonlar sezilarli darajada kengayganiga qaramay, uni 2023 yil bahorida bozorga yetkazib berish hajmi va eksport uchun mavjud hajmlar noma’lumligicha qolmoqda.
«2022 yilning avgust-sentyabr oylarida qishki ertagi piyoz ekiladigan maydonlarning bunday sezilarli darajada kengayishi 2023 yil bahorida ichki bozorga ertagi piyoz yetkazib berish hajmining shynga mutanosib ravishda ko‘payishini anglatmaydi. Buning sababi – yanvar sovuqlarining “avgust piyozi” hosiliga salbiy ta’siridir, chunki mazkur mintaqa uchun anomal past haroratlarning uzoq vaqt davomidagi ta’siri natijasida «avgust piyozi” sezilarli stressni boshdan kechirdi. Natijada, o‘simliklarning hammasida ham piyozbosh paydo bo‘lmasligi mumkin va buning oqibatida 2023 yil bahorida ertagi piyozning gektariga hosildorligi o‘tgan yilga nisbatan sezilarli darajada past bo‘lishi mumkin. Bunga qo‘shimcha ravishda, anomal sovuqlar tufayli olingan stress natijasida, ekilgan piyozning ma’lum bir qismida “gulshoh” chiqarishi holatlari kuzatilishi mumkin.
Ma’lumki, bunday holatda shakllangan piyoz hosili eksportga yaroqsiz hisoblanadi. Ammo, yuqorida taxmin qilingan barcha oqibatlar bir oydan so‘ng ma’lum bo‘ladi va 2023 yilning mart oyida ertagi piyoz ekinlariga yanvar oyining anomal sovuqlari yetkazgan zararni taxminiy hisoblash imkoni bo‘ladi», deydi ekspert O‘rmonali Usmonov.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi bir oy ichida Turkmanistondan tashqari deyarli barcha Markaziy Osiyo davlatlari ichki bozorda narxlarni barqarorlashtirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida piyoz eksportiga vaqtinchalik cheklovlar joriy qildi. Shu bilan birga, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistondan eksportga qo‘yilgan cheklovlar 2023 yilning aprel oyi oxirigacha amal qiladi, Tojikistonda esa piyoz eksportiga qo‘yilgan cheklov muddati e’lon qilinmadi.
Qayd etish joizki, mintaqadagi besh mamlakatdan uchtasi yirik piyoz eksportyori hisoblanadi: O‘zbekiston yiliga 200 ming tonnadan ortiq, Qozog‘iston – 100 ming tonna, Tojikiston – 80-95 ming tonna piyoz eksport qiladi.