Urgutda pari piyoz yig‘ishtirib olinmoqda
Ayni kunlarda Urgut tumanining “Bahrin sabzavotlari” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli fermer xo‘jaliklari a’zolari 40 gektar maydonda yetishtirilgan pari piyoz (luk pari)ni yig‘ishtirib olmoqda.
Qayd etish lozimki, ushbu sabzavot mahsuloti eksportbop, shuningdek, serhosil sanaladi. Fermerlar gektaridan 100-120 tonnadan hosil olyapti. Umumiy hisobda 1200 tonna bo‘lishi kutilayotgan eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsuloti peshma-pesh “Samarqand frukt” va “Bulung‘ur Sendvik” MChJ singari qayta ishlash korxonalariga yetkazib berilyapti.
Birgina “Bulung‘ur Sendvik” korxonasi tomonidan bir kunda 80-100 tonnaga yaqin mahsulot qabul qilinmoqda. Korxonada mehnat qilayotgan o‘nlab mahalliy yoshlarning sa’y-harakati bilan kuniga 60 tonnadan piyoz sanoat usulida qayta ishlanib, 3-3,5 tonna eksportbop mahsulot tayyorlanmoqda.
Jahon andozalariga mos holda qadoqlangan mahsulot Germaniya, AQSh, Iroq, BAA, Xitoy, Rossiya va Ukraina singari o‘nlab davlatlarga eksportga yo‘naltiriladi.
Darvoqe, mazkur korxona o‘tgan yili 4 million 779 ming dollarlik 8 turdagi mahsulotni xorij bozorlariga yetkazib bergan.
Abduvali Xudoyorov,
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi bosh inspektori.