Piyoz saqlash tartibini bilasizmi?

Piyoz qanchalik quruq bo‘lsa, uning rivojlanishdan to‘xtagan davri shunchalik uzoq bo‘ladi, boshqa o‘smaydi va ko‘p muddatga saqlash mumkin bo‘ladi.

Yig‘ishtirib olish va quritish

Saqlash uchun faqat quruq piyozlargina olinadi. Dastlab piyoz dalada 3-4 kun quritiladi. So‘ngra ularni yopiq inshootning ostiga olib, kesiladi va 50 santimetr qalinlikda yoyib qo‘yiladi. Quritish davomida piyoz vaqti-vaqti bilan aylantirib, aralashtirilib turiladi. Uyumda piyozlar deyarli quriydi. So‘ng piyoz to‘liq qurishi uchun omborxonalarda shamollatib turiladigan sharoitda stellajlarga 18-25 santimetr qalinlikda yoyiladi hamda +20 +25°C haroratda 10-15 sutka davomida saqlanadi.

Saqlash

Piyozni past haroratda saqlash usuli keng qo‘llaniladi. Buning uchun doimiy, tebranmaydigan harorat (achchiq navlari uchun -1 -3°C, shirin navlari uchun esa -1°C) va havoning optimal nisbiy namligi (80-90%) bo‘lishi zarur. Bahorda omborxonada harorat +20 +25°C gacha ko‘tariladi. 20°C va undan ortiq bo‘lgan haroratda piyoz saqlash xonalarida havoning nisbiy namligi 60-70% gacha bo‘lishi kerak. Odatda piyoz saqlash davomida, agar u kuzda yaxshi quritilsa, saqlash uchun yaxshi holda omborxonaga keltirilgan bo‘lsa, saralanmaydi.

Ko‘kat olish uchun saqlanadigan piyoz

Ko‘kat uchun mo‘ljallangan bunday piyozlarni +18 +20°C li haroratda saqlash ma’qulroqdir. Saqlash davomida bunday sharoit piyozning nish urishi — uning ko‘karishi, tez unib chiqishini ta’minlaydi.