Plenum qarori sud ishlari sifatini oshirishga yordam beradi
Samarqand viloyat sudida Oliy sud plenumi qarorlarining mazmun-mohiyatini tushuntirish bo‘yicha seminar o‘tkazildi.
Unda Oliy sud sudyalari A.O‘tayev va M.Eshimbetov, Samarqand viloyat sudining jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalari, tuman, shahar va tumanlararo sudi raislari hamda Samarqand viloyat ma’muriy sudi sudyalari ishtirok etdi.
Har bir Plenum qarori sud amaliyotidagi bir qancha masalalarga aniqlik kiritib, sud ishlari sifatini oshirishga katta yordam beradi. Shuning uchun har bir Plenum qarorlarini izchil o‘rganish, mazmun-mohiyatini to‘la anglab yetish o‘zining ijobiy samarasini beradi.
Tadbirda asosiy e’tibor Oliy sud Plenumining “Odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”, “Intellektual mulkka oid ishlarni ko‘rib chiqishning ayrim masalalari to‘g‘risida”, “Reablitatsiya etilgan shaxsga yetkazilgan ziyonni qoplash va uning boshqa huquqlarini tiklash bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida” va “Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorlarini amaliyotda qo‘llash masalasiga qaratildi. Seminarda mazkur Plenum qarorlarining mazmun-mohiyati, ularni amalda qo‘llash borasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Tadbirda barcha sudyalar amaliyotda uchrayotgan masalalar yuzasidan savollar, fikr-mulohazalar bilan faol ishtirok etdi. Har bir savol, fikr-mulohazalar yuzasidan Oliy sud sudyalari tomonidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Samarqand viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.