Pnevmoniya organizmda qanday belgilar bilan namoyon bo‘ladi?

SSV matbuot xizmatining ushbu savoliga Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Nargiza Nurillayeva javob beradi:

— Pnevmoniya bilan kasallangan organizmning tiklanishi oson jarayon emas. Bu o‘pkaning shikastlanish darajasi va intoksikatsiya bilan bog‘liq bo‘ladi. Pnevmoniyada kislorod va nafas yetishmovchiligi kuzatiladi. Shuning uchun tiklanish jarayoni bir qancha vaqt talab etadi.

Pnevmoniyadan so‘ng kuzatilgan noxushlik va kuchli holsizlik temir tanqisligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Temir moddasi yallig‘lanish jarayonlarida organizmda faol qatnashadi. Bundan tashqari, surunkali yurak yetishmovchiligida, buyrak yetishmovchiligi kabi holatlarda ham kuzatilishi mumkin. Bunday holatlarda davolovchi shifokor bilan maslahatlashish zarur. Bemor holatidan kelib chiqib, mos bo‘lgan preparatni qabul qilish tavsiya etiladi.

Doimiy hansirash pnevmoniyadan tashqari quyidagi kasalliklarda kuzatilishi mumkin:

📌 yuqori nafas yo‘llari va o‘pka kasalliklari;

📌 yurak kasalliklari;

📌 qon kasalliklari;

📌 kamharakat hayot tarzi (bunda biroz jismoniy harakatdan so‘ng ham hansirash paydo bo‘lishi mumkin);

📌 O‘RVI yoki boshqa infeksion kasalliklar fonida.

Hansirash jiddiy belgi hisoblanadi, shuning uchun siz tashxisni aniqlashtirish maqsadida shifokorga murojaat qilishingiz zarur!