Polshada abort taqiqlanishiga qarshi namoyishlar avj olmoqda
Polshaning yirik shaharlarida abort to‘g‘risidagi qonunchilikni qat’iylashtirgan konstitutsiyaviy sud qaroriga qarshi ketma-ket uch kundan beri namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Aksiyalar tashkilotchilari taqiqning bekor qilinishi hamda «Qonun va adolat» konservativ partiyasi boshchiligidagi hukumat iste’fosini talab qilmoqda.
Varshavada juma kuni kechqurun bir necha ming kishi shahar markazidagi chorrahalardan birini to‘sib qo‘ydi. Politsiya namoyishchilariga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan.
Bundan buyon abort faqat onaning yoki homilaning hayotiga tahdid tug‘ilganda, shuningdek, zo‘rlash holati ro‘y bergandagina amalga oshiriladi. Bolaning nogironligidan dalolat beruvchi biror kasallik, masalan, Daun sindromi homiladorlikni to‘xtatish uchun asos bo‘lmaydi.
Konstitutsiyaviy sud bunday qarorni o‘tgan yilning oktyabr oyida qabul qildi. Ammo u faqat o‘tgan chorshanba kuni kuchga kirdi. Sudyalar Polsha fuqarosining yashash huquqi homila davridan boshlab kafolatlanadi, degan qarorga keldi.
Boshqaruv partiya siyosatiga qarshilar norozilik namoyishlarini to‘xtatmasligi haqida aytishdi. 2016 yilda aynan ommaviy namoyishlar homiladorlikni uzgan ayol va shifokorga nisbatan qamoq jazosi tayinlash g‘oyasidan voz kechishga hukumatni majbur qilgan edi.
Yuristlarning ta’kidlashicha, konstitutsiyaviy sudning so‘nggi qarorida qonunni yumshatadigan punktlar mavjud.
G.Xoldorova tayyorladi.