Pomidor ko‘chatlari qachon ekiladi va qanday parvarishlanadi?
Pomidor o‘zining qimmatli va dietik xususiyatlari sababli butun jahonda eng keng yetishtiriladigan sabzavot ekinlaridan biri hisoblanadi. Hozirgi kunga kelib pomidorning 1000 dan ortiq navlari yaratilgan bo‘lib, ular ochiq va himoyalangan maydonlarda yetishtirilmoqda.
Yurtimizda ko‘p tarqalgan pomidorning ertapishar - Do‘stlik, Saxiy, Shafaq, Sevara, o‘rta-ertapishar - Toshkent tongi, Bahodir, Sharq yulduzi, Sitora, Avitsenna, kechpishar - Namuna navlari ko‘p tarqalgan.
Pomidorning ertapishar navlari yurtimizning janubiy viloyatlarida martning uchinchi o‘n kunligida, o‘rta va kechpishar navlar aprelning birinchi va ikkinchi o‘n kunligida ekiladi. Markaziy viloyatlarda ertapishar navlar aprelning birinchi o‘n kunligida, o‘rta va kechpisharlari aprelning ikkinchi va uchinchi o‘n kunligida ekiladi. Ekilgandan keyin ko‘chatlarni albatta sug‘orish zarur. Bir sotix maydonga ekish sxemasiga qarab 300-500 tup ko‘chat sarflanadi.
Ekish uchun 40-45 kunlik pomidor ko‘chatlari tanlanadi. Ularning poyasi va ildizlari durkun rivojlangan, barglari to‘q yashil tusda, sog‘lom bo‘lishi lozim. Kasalliklarga qarshi kurashish uchun urug‘ni ekishdan oldin 48 soat davomida 50-52℃ va 24 soat 80℃ qizdiriladi.
O‘simliklarga birinchi ishlov berish ko‘chatlar tutib olgach, ya’ni ekilganidan 10-12 kundan keyin boshlanadi. Bunda egat ichi, pushta va qatordagi ko‘chatlar orasidagi tuproq yumshatiladi. Birinchi parvarishlashdan 12-15 kun o‘tgach, ikkinchi suv beriladi. Tuproq yetilgandan so‘ng chopiq qilinadi. Bunda yer begona o‘tlardan tozalanadi, yumshatiladi, tuproq ko‘chatning atrofiga bosiladi.
Pomidor mo‘l hosil berishi uchun uning ildizi joylashgan qatlam havo bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak. Buning uchun suv egat oralatib qo‘yilgani ma’qul.