Prezident bilan muloqot bizga g‘ayrat, shijoat bag‘ishladi

Prezidentimiz joriy yil 22 avgust kuni mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Videomuloqot tarzidagi uchrashuvda viloyatimiz tadbirkorlari “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi va Samarqand shahridagi studiyalardan ishtirok etdi. 

Uchrashuvda davlatimiz rahbari soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan besh yo‘nalishda muhim tashabbuslarni bildirdi. Yurtimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga qaratilgan bu tashabbuslar samarqandlik tadbirkorlarni ham ruhlantirdi.  

– Davlatimiz rahbari o‘tgan yil ilk bor tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, uchrashuvgacha va o‘sha tadbirdagi ma’ruzalarida oldimizda turgan juda ko‘p muammolarni yechib bergan edi, – deydi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi rahbari J.Haydarov. – O‘sha uchrashuvda bildirilgan tashabbuslar, aytilgan fikrlar qisqa vaqtda bir qator farmon va qarorlar, qonunlar qabul qilinishi bilan huquqiy asosga ega bo‘ldi. Tadbirkorlar juda ko‘p imtiyoz va yengilliklardan foydalana boshladi. Eksport, import bo‘yicha yaratilgan qulayliklar faoliyatimizda o‘z ijobiy natijalarini bera boshladi. 

“Urgut” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalar misolida aytadigan bo‘lsam, 2021 yilda 2,5 trillion so‘mlik aylanma mablag‘ va 60 million dollarlik eksport amalga oshirilgan bo‘lsa, joriy yilning 7 oyida 57 million dollarlik mahsulot eksport qilishga erishdik. Kechagi muloqotda ham Prezidentimiz tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan muhim tashabbuslarni bildirdi. 

Jumladan, endilikda korxonalar yillik aylanmasi bo‘yicha toifalarga ajratiladi. Ya’ni, 1 milliard so‘mgacha bo‘lgani – mikro biznes, 10 milliard so‘mgacha bo‘lgani – kichik biznes, 100 milliard so‘mgacha bo‘lgani o‘rta biznes toifasiga kiradi. 2023 yil 1 yanvardan boshlab mikro biznes uchun aylanmadan olinadigan soliqning amaldagi 4 foizdan 25 foizgacha bo‘lgan stavkalari o‘rniga yagona 4 foizli soliq stavkasi joriy etiladi. Aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshib, umumiy soliq to‘lash tartibiga o‘tgan korxonalar yil davomida foyda solig‘ini 2 barobar kam to‘laydi. Yana bir muhim yangilik – kelgusi yildan kichikdan o‘rta biznesga o‘tgan korxonalar ikki yil davomida foyda solig‘ining 50 foizini to‘laydi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 12 foizga tushiriladi. Bularning barchasi tadbirkorlarimiz uchun juda katta imkoniyat hisoblanadi va bu pirovardida iqtisodiyotimiz barqarorligi, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qiladi.  

Muloqot davomida Urgut tumanidagi “SAM ELEKTRO SERVIS” xususiy korxonasi rahbari Sohib Azimov maishiy texnika vositalari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xom ashyoni xorijdan import qilishda imtiyoz yaratish yuzasidan davlat rahbaridan ko‘mak so‘radi. Prezidentimiz bu masala belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, masalaga ijobiy yechim topilishini bildirdi.  

– 2017 yilda to‘liq ishlab chiqarish faoliyatini boshlaganimizda 120 nafar ishchi bilan uch turdagi mahsulot ishlab chiqarardik, – deydi Sohib Azimov. – Prezidentimizning biz – tadbirkorlarga bo‘lgan e’tiborlari, berilgan imtiyoz va qulayliklardan oqilona foydalanish natijasida zamon talabiga javob beradigan bir qancha yangi loyihalar ishlab chiqdik. Hozirda korxonamizda qirq turdan ziyod maishiy texnika jihozlari ishlab chiqaryapmiz. Bu mahsulotlarni ichki bozorda sotish bilan cheklanmay xorijga ham eksport qilyapmiz. 

O‘tgan yil 1 million dollarlik eksportni amalga oshirgan bo‘lsak, joriy yilda ushbu ko‘rsatkichni 5 million dollarga yetkazmoqchimiz. O‘tgan yil davlatimiz rahbari Samarqandga tashriflari davomida bizning korxonamizda ham bo‘lib, menga 1200 ta ishchi o‘rni yaratish yuzasidan topshiriq bergan edi. Shundan kelib chiqib, ikki yilga mo‘ljallangan 10 ta yangi loyiha ishlab chiqdik. Ularning 6 tasi joriy yilda amalga oshiriladi. Mana bugun 2 gektar maydonda korxonamizning yana bir yangi ishlab chiqarish zavodini ishga tushirdik. Ushbu korxonaning dastlabki mahsulotini to‘liq eksport qilishni rejalashtirganmiz. Prezidentimizning bu galgi ochiq muloqotlari ham bizga juda katta imkoniyatlar yaratdi, qo‘limizni uzun qildi, g‘ayratimizga shijoat bag‘ishladi.  

G‘.HASANOV