Prezident farg‘onalik Qahramondan telefon orqali hol so‘radi, bayram bilan tabrikladi

So‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aziz opa-singillarimizning jamiyat hayotidagi maqomi va obro‘-e’tiborini yanada oshirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalariga ustuvor yo‘nalish sifatida qaralmoqda.

Ayniqsa, bahoriy go‘zallik va nafosat ayyomi – Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida mo‘’tabar onalarimiz, munis va dilbar ayollarimiz, latofatli qizlarimizga mehr-oqibat va yuksak izzat-ikrom ko‘rsatishdek ezgu va xayrli an’analarimiz keng miqyosda namoyon bo‘lmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 mart kuni mamlakatimiz xotin-qizlarining eng faol va tashabbuskor vakillaridan biri – Farg‘ona viloyati, Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xo‘jaligining rahbari, O‘zbekiston Qahramoni, Oliy Majlis Senati a’zosi Lola Murotova bilan telefon orqali muloqotda bo‘lib, yaqinlashib kelayotgan qutlug‘ bayram bilan qizg‘in tabrikladi.

Davlatimiz rahbari samimiy suhbat chog‘ida Lola Murotovaning mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi va fermerlik harakati rivojiga, joylardagi ijtimoiy muammolarni hal qilishga qo‘shayotgan beqiyos hissasini, ko‘p yillik zahmatli va halol mehnatlarini, ona-Vatanimiz gullab-yashnashi yo‘lidagi munosib xizmatlarini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Lola Murotova o‘zining qirq yildan ortiq davr mobaynida boy tajribasi, butun bilimi va kuch-g‘ayratini diyorimiz obodligi hamda elimiz farovonligiga safarbar etgani, shuningdek, jonkuyar, kamtar va oqila o‘zbek ayoli sifatida yosh avlod va butun mamlakatimiz xotin-qizlari uchun chinakam o‘rnak va namuna bo‘layotgani hurmat bilan qayd etildi.

Prezidentimiz hozirgi vaqtda davolanishda bo‘lgan mashhur fermerga mustahkam sihat-salomatlik va bardamlik, hamisha yaqinlari e’zozu ardog‘ida bo‘lib yurishlikni tiladi.

Lola Murotova, o‘z navbatida, yurtboshimizga ish jadvali tig‘iz bo‘lishiga qaramay, ko‘rsatgan cheksiz g‘amxo‘rlik va qo‘llab-quvvatlashlari uchun chin qalbdan tashakkur izhor etdi.

Bunday samimiy iltifot va rag‘batni mamlakatimizning barcha ayollariga doimiy ravishda ko‘rsatib kelinayotgan yuksak ehtiromning yorqin ifodasi sifatida mamnunlik bilan qabul qilishini aytib o‘tdi.

Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga binoan, shu kuni Oliy Majlis Senatining raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekiston Qahramoni Lola Murotovani qutlug‘ ayyom munosabati bilan qutlash va holidan xabar olish uchun Farg‘ona viloyatiga shaxsan tashrif buyurdi hamda Prezidentimizning bayram sovg‘alarini topshirdi.