Prezident Farmoni 6 mingdan ortiq pedagog xodimlar oilalariga xursandchilik olib keldi

— 6 mingdan ortiq pedagog xodimlar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida propiskadan o‘ta olmay, yillar davomida qiynalib kelishardi. Ushbu Farmon ularning oilalariga xursandchilik olib kelishi aniq, - deya ma’lum qildi O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov.

"To‘g‘risi, o‘zim Toshkentda tug‘ilib o‘sganim uchun propiska degan masalaga avval unchalik e’tibor qilmasdim. Lekin Xalq ta’limi vazirligiga o‘tgandan keyin propiska bo‘yicha yuzlab murojaatlarni ko‘rib, biroq rahbar sifatida ularga yordam bera olmaslikni boshdan o‘tkazgandan keyin bu masala ushbu soha xodimlari uchun qanchalik zarur ekanini his qilishga to‘g‘ri kelgan edi.

Maktablardagi oyliklar yillar davomida past bo‘lgani sababli toshkentliklar orasida maktabga ishga kirib ishlashni xohlovchilar ham unchalik ko‘p bo‘lmagan. Bunday sharoitda ishlash uchun esa ko‘pgina maktablar boshqa hududlardan kelgan xodimlarnigina ishga taklif qila olgan.

Lekin shu og‘ir mehnatiga qaramay, propiska degan rasmiyatchilikni deb, ular o‘z uyi bo‘lsa ham unga qonuniy egalik qila olmagan. Mana, Prezidentimizning ushbu Farmonlari bilan barcha davlat tashkilotlarida 5 yil ishlab kelgan xodimlar uchun propiska muammosi hal bo‘ldi. Shuning uchun bu Farmondan son jihatdan eng ko‘p xursand bo‘lganlar aynan xalq ta’limi sohasidagilar bo‘lsa kerak deb o‘ylayman".

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev tomonidan 21 aprel kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiska qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha hujjat imzolandi.