Prezident farmoni loyihasiga 1188 ta, davlat dasturiga 3718 ta taklif berilgan

«O‘zbekiston – 2030» strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni va davlat dasturi loyihalari keng jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingandi. Loyihalar joriy yilning 9 fevral kuniga qadar keng jamoatchilik va ekspertlik muhokamalaridan o‘tkazildi.

Aholining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etgan mamlakatimizning joriy yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish, xalq ta’limi tizimidagi muammolarni yechish va ta’lim sifatini oshirish choralarini ko‘rish, oliy ta’lim tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish va uni sifat jihatdan yuqori bosqichga olib chiqish, yoshlarga kasb-hunar o‘rgatish tizimini mukammallashtirish, tadbirkorlikka jalb qilish, umuman, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish kabi masalalar ko‘zda tutilgan.

Shu bois muhokamalar davomida xalqimiz, turli soha vakillari, ziyolilar va yoshlar loyiha yuzasidan o‘z takliflarini taqdim etdi.

Xususan, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmon loyihasiga uzbekistan2030.uz portali orqali 1139 ta taklif berilgan. Hujjat loyihasidagi barcha - 36 bandning hech biri jamoatchilik e’tiboridan chetda qolmagan.

Eng ko‘p fikrlar 1-band bo‘yicha bildirilgan – 167 ta. Unda “2024 yil 1 martdan boshlab «Yoshlar balansi» asosida alohida ishlash talab etiladigan, shuningdek, iste’dodli va iqtidorli yoshlar Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi qarori bilan vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlariga biriktirilsin. Bunda:

mazkur rahbarlar har oyda kamida bir marotaba o‘zlariga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolarini hal qilish va iste’dodini yuzaga chiqarish, ularni kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash va hayotda o‘z o‘rnini topishiga har tomonlama ko‘maklashib borsin;

o‘zlariga biriktirilgan yoshlar muammolarini hal qilish va iste’dodini yuzaga chiqarish uchun tegishli tashkilotning byudjetdan tashqari mablag‘lari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan zarur mablag‘larni yo‘naltirishga ruxsat etilsin, deyilgan.

Ahamiyatlisi, jamoatchilik.uz potalida ham shu bandga boshqalariga qaraganda ko‘proq taklif bildirilgan.

Muhokamalarda boshqa bandlar bo‘yicha berilgan takliflarning hech biri 100 ga yetmagan. Farmon loyihasidagi Vazirlar Mahkamasi:

har oy yakuni bo‘yicha Davlat dasturi ijrosi yuzasidan ma’lumotlarni umumlashtirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib borsin;

har chorak yakuni bo‘yicha Davlat dasturida yuklatilgan vazifalarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishini Vazirlar Mahkamasining Rayosati yig‘ilishida muhokama qilib borsin”, deyilgan 34-band bo‘yicha eng kam (jami 4 ta) taklif berilgan. Ularning birida muhokamalarni onlayn yoritib borish kerakligi bildirilgan.

Darvoqe, davlat dasturi loyihasida har bir hudud, xususan, Samarqand belgilangan bandlar ham mavjud. Misol uchun, vazirliklar, idoralar va ilmiy tadqiqot institutlarining ekspertlarini jalb qilgan holda Samarqand tumani misolida ishsiz aholining manzilli ro‘yxatini shakllantirish uslubiyatini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda. Aprel oyiga mo‘ljallangan bu tadbir keyinchalik boshqa hududlarda ham joriy etiladi.

Shuningdek, jamoat transportini ekologik toza yoqilg‘iga o‘tkazish maqsadida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mablag‘iga Samarqand shahri jamoat transporti uchun 100 ta elektrobus xarid qilish choralarini ko‘rish belgilanmoqda.

Bu borada faqat elektrobuslar sotib olishni emas, balki elektrobuslarni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish sohalarini qamrab olishga ham e’tibor qaratilishi lozim, degan taklif bildirilgan.

Loyihadan Samarqand vokzalidan foydalanish va uni boshqarishga davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektor jalb qilinishini anglash mumkin. Aholi va turistlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida Samarqand shahrining har bir mahallasida hamda aholi gavjum joylarda videokuzatuv tizimlarini o‘rnatish qayd qilingan.

Umuman, 5 yo‘nalish, 100 maqsad, 292 ta amaliy chora-tadbirdan iborat davlat dasturi loyihasi muhokamasida 3718 ta fikr bildirilgan.

Yoqubjon Marqayev.